Asosan naushnik va mikrofon ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Beats Electronics kompaniyasi endilikda rasman Apple oilasining bir qismi deya e’lon qilindi. Bu haqda The Verge ma’lumotiga asoslanib “Parol” nashri xabar berdi.
Apple 3 milliard dollar evaziga Beats’ni sotib olishi may oyida e’lon qilingan edi. 1-avgust kuni ikkala kompaniya ham o‘z saytlarida oldi-sotdi rasman tasdiqlangani haqida xabar berdi.
Apple kompaniyasining bosh direktori Tim Kuk Twitter’dagi akkauntida “Oilaga xush kelibsiz”, deya Beats asoschilariga atalgan tvit qoldirgan.
“Musiqa har doim yuragimizning bir qismidan o‘rin egallab kelgan va biz kuchlarimizni birlashtirganimizdan hursandmiz. Beats asoschilari Jimmi Yovini va Dr. Dre’lar juda chiroyli mahsulotlar ishlab chiqarishdi hamda millionlab insonlarning musiqa bilan yanada chuqurroq bog‘lanishiga yordam berishdi”, — deyiladi Apple xabarida.
Beats kompaniyasi ishab chiqaradigan mahsulotlar endilikda App Store orqali sotiladi.
Izoh (0)