Yaponiyaning Osaka shahridagi Universal Studios Japan mavzuli istirohat bog‘ida yosh sehrgar Garri Potterga bag‘ishlangan kompyuterlashtirilgan attraksionlar majmuasi foydalanishga topshirildi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar berdi.
Kompleksning ochilish marosimiga tashrif buyurganlar Garri Potter va uning do‘stlari o‘qigan mashhur sehrgarlik maktabi — “Xogvarts”ga kirishdan avval sehrli duo o‘qidi. Qisqa muddat ichida dam oluvchilar o‘rtasida supurgida parvoz qilayotganday taassurot uyg‘otadigan vizual taqlidchi attraksion mashhur bo‘lib ketdi.
Mazkur loyiha uchun texnikaning so‘nggi yutuqlari asosida attraksion yaratishga Universal Studios Japan kompaniyasi 45 milliard yen — 445,5 million dollardan ko‘proq mablag‘ sarfladi. Kompleksni tashkil qilishda Garri Potterning mashhurligidan foydalanilgani uchun mavzuli istirohat bog‘i muxlislari sonining har yili ikki millionga ko‘tarilib, jami 12 millionga yetishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, har yili 25 million dam oluvchini o‘z bag‘riga oluvchi Osaka istirohat bog‘iga o‘rnatilgan mazkur attraksionlar tufayli bu yerga xorij, asosan, Osiyo — Tinch okeani mintaqasi davlatlaridan keluvchi turistlar soni ko‘payishi taxmin qilinmoqda.
Ma’lumot uchun, Universal Studios Japan istirohat bog‘ining hududi 53 gektarni tashkil etib, u yerda o‘nlab do‘kon va restoranlar, 20 dan ziyod murakkab attraksionlar joylashgan. Ular Gollivudning “Kelajakka qaytib” (Back to the Future), “Terminator — 2”, “Yura davri bog‘i” (Jurassic Park) singari mashhur filmlari asosida qurilgan. Istirohat bog‘iga alohida mehmonxona biriktirilgan.
Izoh (0)