Amerikalik milliarder Tim Dreyper o‘zi olg‘a surgan, Kaliforniyani alohida olti shtatga bo‘lish g‘oyasi uchun 1,3 millionta imzo yig‘ishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda u seshanba kuni Kaliforniya shtatining poytaxti Sakramento shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida e’lon qildi, deb xabar berdi “ITAR-TASS”.
Milliarder ilk bor 2013-yil dekabr oyida Kaliforniyani Kremniy vodiysi (“Kremniyevaya dolina”), Janubiy Kaliforniya, G‘arbiy Kaliforniya, Markaziy Kaliforniya, Shimoliy Kaliforniya va Jefferson shtatlariga bo‘lish taklifi bilan chiqib, kampaniya uchun 4,9 million dollar ajratgan.
Dreyperga hamfikr guruhning axborot berishicha, kampaniya besh oy mobaynida shtatdagi 58 okrugning ovoz berish huquqiga ega jami 1,3 million aholisidan imzo olishga muvaffaq bo‘ldi. Qayd etish joiz, Kaliforniya aholisi 38 million kishini tashkil etib, 23,9 million nafari ovoz berish huquqiga ega.
Dreyperning so‘zlariga ko‘ra, bu g‘oyaning amalga oshishi “bitta samarasiz hukumatni oltita kuchli shtatga aylantirish”ga yordam beradi. Mazkur g‘oya masalasini umumxalq ovoziga qo‘yish uchun unga 808 ming imzo yig‘ish lozim bo‘lgan.
Referendum 2016-yilda o‘tkazilishi mumkin. Biroq mutaxassislarning fikricha, g‘oya AQSh Kongressi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmaydi. Bundan tashqari, fevralda o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, aholining 59 foizi Kaliforniyaning birligi saqlab qolinishi uchun ovoz bergan.
Izoh (0)