7-iyulda boshlangan “Rossiya — Koreya 2014” xalqaro avtomobil poygasi ishtirokchilari 13-iyul kechqurun Toshkentga kirib keldi. Bu haqda Gazeta.uz xabar berdi.
Poyga ishtirokchilari ikki kun — 14—15-iyulda Toshkentda harakatlanib, 16-iyul kuni yo‘nalishdagi keyingi nuqta tomon yo‘l oladi.
“Rossiya — Koreya 2014” avtomobil poygasi koreyaliklarning o‘z ixtiyori bilan Rossiyaga ko‘chganining 150 yilligi hamda Rossiya va Koreya o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganiga 130 yil to‘lgani munosabati bilan tashkil etildi.
Poyga tashkilotchilari: Rossiyaning Mintaqaviy rivojlanish vazirligi, Madaniyat vazirligi, Turizm bo‘yicha federal agentlik, Rus geografik jamiyati, Koreyaliklarning Butunrossiya birlashmasi, Rossiyadagi KXDR, Koreya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston Respublikalarining elchixonalari hamda Moskva viloyatidagi koreyaliklarining milliy-madaniy muxtoriyati.
Poygani tashkillashtirish muzokaralarida Rossiya diplomatiyasi, KXDR va Koreya Respublikasi yaxshi niyat tashkilotlari hamda Rossiyada istiqomat qiluvchi koreyaliklar xalq diplomatiyasi muhim rol o‘ynadi.
Eslatib o‘tamiz, poyga qatnashchilari bir yarim oy mobaynida Moskva — Toshkent — Olma-Ota — Novosibirsk — Vladivostok — Pxenyan — Seul yo‘nalishida harakatlanadi.
“Rossiya — Koreya 2014” xalqaro avtomobil poygasi 25-avgustda o‘z nihoyasiga yetadi.
Izoh (0)