Apple’ning yangi, diagonali 4,7 dyuymli iPhone 6 ekranini namoyish qilgan video o‘tkir pichoq bilan ham iPhone 6 ekranini qirib bo‘lmaslikni ko‘rsatib berdi. Bu haqda Mashable nashri xabar beradi.
Ushbu video YouTube foydalanuvchisi Markus Braunli tomonidan 7-iyul, dushanba kuni yuklangan bo‘lib, unda yangi smartfonning ekrani pichoq va kalit bilan qirish kabi “qiynoqlarga” dosh bera olishi namoyish etilgan.
“Qo‘limdagi ekran qalbaki emas, balki Apple kompaniyasi tomonidan chiqariladigan iPhone 6 ekranining asl nusxasi”, — deydi Braunli.
Braunli iPhone qismlarini smartfon sotuvga chiqarilishidan avval qo‘lga kiritishga yordam bergan Sonni Diksonga tashakkur aytadi.
iPhone 6’ning yangi sapfir billuridan ishlangan ekrani qog‘ozdek yupqa bo‘lishiga qaramay, kuchli bosimga dosh bera oladi. Avvalroq, sapfir billurini Apple faqat iPhone 5s’ning kamerasiga ishlatar edi.
Videoda yangi ekranning egiluvchanligini ham ko‘rish mumkin. Egiluvchanlikni tasvirlash uchun Braunli oyoq kiyimining bosimidan foydalanadi.
Qayd etilishicha, iPhone smartfonlarining yangi avlodidan hech qanday himoya qiluvchi qobiqlarsiz foydalanish mumkin.
Izoh (0)