Braziliya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis Felipe Skolari “Sovetskiy sport” nashriga intervyu berib, O‘zbekistonda ishlagan davrlarini yodga olgan. Bu haqda Stadion.uz ma’lum qildi.
—Braziliyalik mashhur futbolchilar Osiyoga yo‘l olishganda, ular birinchi navbatda sportcha ambitsiyalarni o‘ylab emas, faoliyatining so‘ngida pul ishlab olishni maqsad qilishadi, deb hisoblanadi. Sizda ham shunday bo‘lganmi?
— Yo‘q, aslo. Men O‘zbekistonga yo‘l olganimda, pul asosiy maqsad bo‘lmagan. Yevropada bundan ham ko‘proq pul topishim mumkin edi. Lekin u yerdaga top-klublarda murabbiy doimo bosim ostida bo‘ladi, undan har bir o‘yinda g‘alaba talab qilishadi. Osiyoda esa boshqa global narsalar bilan shug‘ullanishga vaqt bor, atrofimdagi muhit erkinroq. Men “Bunyodkor”da faqat murabbiylik ishi bilan cheklanib qolmasdan, klubni va o‘zbek futbolini rivojlantirish, infratuzilma, yoshlarni tayyorlash borasidagi ishlarda ham qatnashganman. Bularda ishtirok etish men uchun qiziqarli bo‘lgan.
— O‘zbekistondagi futboldan tashqari eng yorqin xotiralaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz.
— Birinchidan, menga o‘zbek xalqining ochiqyuzligi va juda ham mehmondo‘stligi yoqadi. Shuningdek, mamlakatning salohiyati yuqori ekani sezilib turadi. Mahalliy rahbarlar bundan keyin ham infratuzilma, ta’lim, tibbiyot, telekommunikatsiya, transport tizimini rivojlantirishda davom etishsa, O‘zbekistonni buyuk kelajak kutmoqda. Men O‘zbekistonning ko‘p shaharlarida bo‘ldim. Safar o‘yinlariga borganda shaharlarni aylanishga vaqt bo‘lmaydi. Shuning uchun men bo‘sh vaqtimda oilam bilan Samarqandga turist sifatida bordim va shaharning go‘zalligidan hayratga tushdim. Go‘yoki sharq ertagiga tushib qolgandek bo‘ldim.
— Dunyoning eng ko‘p maosh oladigan murabbiyiga bir savolni bermasam bo‘lmaydi. Siz uchun pul nima?
— Ishoning, pul meni zarracha o‘zgartirmagan. Futbolchilik paytimda hozirgiga nisbatan 50 baravar kam pul topardim. Lekin mening insoniy xislatlarim va hayotiy aqidalarim bu vaqt davomida umuman o‘zgarmagan. Iqtisod men uchun hech qachon birinchi o‘rinda turmagan. Eng asosiysi — oila.
— Faoliyatingiz davomida yetarlicha mablag‘ ishlab topgansiz. O‘z biznesingiz bormi yoki pulni bankda saqlashni afzal ko‘rasizmi?
— Braziliyada mablag‘imni konsalting kompaniyasi yoki ko‘chmas mulkka sarflayman. Hozircha men uchun shunisi yetarli.
Izoh (0)