Bitta shamdan qancha quvvat olish mumkinligi ustida tajriba o‘tkazayotgan ixtirochi natijalardan hayratlanib, termoelektrik ventilyator loyihasi ustida ishlay boshladi. Bu haqda u Instructables.com saytida yozadi.
Ixtiro muallifi qurilma uchun jami 50 yevro sarflagan hamda loyihada kompyuter qismlari, temir parrak, alyumin trubalari, motor va yog‘ochdan foydalangan.
Ventilyator faqatgina shamdan quvvat olib ishlaydi. Muallifning so‘zlariga ko‘ra, bir dona shamdan 0,4 volt kuchlanish va 0,25 amper tok kuchi olish mumkin. Agar sham ikkita bo‘lsa, u holda bu ko‘rsatkichlar 0,67 volt hamda 0,54 amperni tashkil etadi.
Termoelektrik ventilyator loyihasida shamdan olingan issiqlik yordamida elektr toki ishlab chiqarish hamda ventilyatorni harakatga keltirish amalga oshirilgan. Agar shamlar soni ko‘paytirilsa, harorat oshadi. Harorat oshsa, motor ko‘proq aylanadi va bu ventilyator parragining tezligini oshiradi.
Ventilyator parragi harakatga kelishi uchun Selsiy shkalasi bo‘yicha 15 daraja issiqlik zarur. Agar harorat 200 daraja issiqlikka yetsa, u eng yuqori tezlikda aylanishni boshlaydi.
Izoh (0)