Surxondaryo viloyati Sherobod tumani “Dehqon bozori” hududidagi parfyumeriya mahsulotlari bilan savdo qiluvchi do‘kon egalari xaridorlardan uzr so‘rashga majbur qilindi, deya xabar berdi “Kun” O‘zbekiston iste’molchilari axborot resursi ma’lumotiga asoslanib.
Ma’lumotga ko‘ra, ikki fuqaro do‘kon ustidan shikoyat qilgan. Shikoyatga ko‘ra, ular 9 ming so‘mlik mahsulot haqini plastik kartochka orqali to‘lamoqchi bo‘lganida, do‘kon sotuvchisi buning uchun kartochkadan 11 ming so‘m yechib olishini ma’lum qilgan.
Xaridorlar ayrim tovarlarning narxlarini so‘raganida, sotuvchilar o‘zlarini eshitmaslikka olgan, xaridorlar arzonroq mahsulotlarni sotib olmoqchi bo‘lganida esa: “Biz bunaqa mayda-chuydalar uchun terminal ishlatmaymiz”, — deyishgacha borishgan.
Ushbu holat yuzasidan mas’ul vakolatli davlat nazorat organlari vakillari bilan hamkorlikda hamda iste’molchilar ishtirokida o‘rganilganida iste’molchilarning to‘la-to‘kis haq ekanligi o‘z isbotini topgan. Ma’lum bo‘lishicha, do‘konda boshqa qoidabuzarliklar – do‘konning nomi, uning yuridik manzili va ish tartibi haqidagi lavhalar yo‘qligi, sotuvda mavjud tovarlarning narxnomalari, sotuvchi to‘g‘risidagi yozma ma’lumot iste’molchilarga havola etilmagani aniqlangan.
“Sotuvchilarga ushbu kamchiliklar qisqa vaqt ichida bartaraf etilishi lozimligi tushuntirilib, xaridorlar bilan doimo xushmuomala bo‘lish zarurligi uqdirildi. Do‘kon sotuvchilari o‘z xatti-harakatlari uchun iste’molchilardan kechirim so‘radi. Bo‘lib o‘tgan holatlar yuzasidan tegishli ma’lumotnomalar tuzilib, bunday salbiy holatlar sotuvchilar tomonidan yana takrorlansa, ular tegishli tartibda javob berishlari haqida ogohlantirildi”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)