Farg‘ona viloyatida 2014-yilgi hududiy investitsiya dasturiga ko‘ra, o‘tgan to‘rt oyda 8 million AQSh dollaridan ziyod mablag‘ o‘zlashtirildi.Viloyat sanoat salohiyatini oshirish dasturi bo‘yicha joriy yilda 57,1 million dollarga teng xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 25 loyiha o‘zlashtirilishi rejalashtirilgan. Bu qo‘shimcha ravishda 46 milliard so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarish imkonini beradi, deb xabar bermoqda O‘zA.
Bugungi kunda Farg‘ona viloyatida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi 121 korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Ularning 24 tasi xorijiy korxona bo‘lsa, 97 tasi qo‘shma korxonadir.
— 2013-yilda xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmi 2012-yilga nisbatan qariyb 15 foiz o‘sib, viloyat hududiy sanoat mahsulotidagi ulushi 23,8 foizga yetdi, — deydi viloyat tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo boshqarmasi boshlig‘i Rustam Sulaymonov. — Eksport salmog‘idagi ulushi 40 foizni tashkil etdi. Joriy yilning to‘rt oyi mobaynida mazkur korxonalar tomonidan 332 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi, bu avvalgi yilning shu davriga nisbatan 27,8 foiz ko‘pdir.
Viloyatdagi “Investitsiya, sanoat va eksport” kengashining ko‘magida ochiq muloqotlar, davra suhbatlari tashkil etilib, tadbirkor va ishbilarmonlar xorijiy mamlakatlarga malaka oshirishga yuborilmoqda. Qo‘qon shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Indorama Qo‘qon tekstil” O‘zbekiston—Singapur qo‘shma korxonasining xorijiy hamkorlari yaratilgan imkoniyat va imtiyozlardan foydalanib, loyihaning uchinchi bosqichini amalga oshirmoqda.
Izoh (0)