Bashar Asad hukumati Damashq atrofidagi isyonchilar bilan tinchlik sulhini imzolashi mumkin. “ITAR-TASS”ning xabar berishicha, bu isyonchilar nazorati ostida qolayotgan hududda saqlanayotgan kimyoviy qurollarning so‘nggi partiyasini olib chiqish uchun amalga oshiriladi, deb yozadi “Kun”.
BMT va Kimyoviy qurolni taqiqlash bo‘yicha tashkilot (KQTT)ning maxsus muvofiqlashtiruvchisi Sigrid Kaagning ma’lum qilishicha, agar isyonchilar bilan kelishish imkoni bo‘lmasa, Suriya hukumati kimyoviy qurollarni bahsli hududdan olib chiqish uchun armiyani ishga solish ehtimolini ham rad etmayapti.
“Hukumat vakillarining bizga ma’lum qilishlaricha, ular masalani harbiy yo‘l bilan hal qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda, shuningdek, hududiy sulh imzolanishiga ham umid qilmoqda”, — dedi Kaag.
“Isyonchilar nafaqat kimyoviy qurollarning olib chiqilishiga imkon beradi, shu bilan birga aholiga ham yordam qo‘lini cho‘zishlariga ishonchim komil. Shuningdek, butun hudud xavfsizligiga ham ijobiy ta’sir qildi”, — deya qo‘shima qildi Kaag.
Kaag xonimning ma’lum qilishicha, Damashq chekkasidagi 2-Obyekt deb ataladigan hududda birinchi va ikkinchi kategoriyaga oid kimyoviy qurollar saqlanayotgan 16 ta konteyner bor.
Bu Suriya Arab Respublikasi ixtiyorida bungacha bo‘lgan jami kimyoviy qurollarning 7,2 foizini tashkil etuvchi zaharlovchi moddalarning so‘nggi partiyasi hisoblanadi.
BMT-KQTT missiyasi rahbarining qayd etishicha, Suriya hukumati kimyoviy qurollarni olib chiqishni kechiktirishga urinayotgani haqidagi xabarlar ig‘vodan boshqa narsa emas.