O‘zbekistonga tashrif buyurgan Vyetnam Bosh prokurori Nguyen Xao Bin boshchiligidagi delegatsiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Rashitjon Qodirov bilan uchrashdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Mehmonlar Prezident Islom Karimov rahnamoligida fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish mexanizmini mustahkamlash va sud-huquq tizimini erkinlashtirish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar, O‘zbekiston prokuratura organlarining huquqiy maqomi va vakolatlari, faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bilan tanishtirildi.
Mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan yangi konseptual tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani, jumladan, tegishli me’yoriy hujjatlar qabul qilinayotgani sud-huquq tizimidagi islohotlarni yanada kengaytirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
– O‘zbekiston sud-huquq tizimining muvaffaqiyatli isloh etilayotgani mamlakatlarimiz bosh prokuraturalari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida ulkan imkoniyatlar yaratmoqda, – dedi Vyetnam Bosh prokurori Nguyen Xao Bin. – Bugungi samarali uchrashuv idoralarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli munosabatlarning istiqbollarini belgilash imkonini berdi.
Vyetnam delegatsiyasi a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Oliy sudi va Ichki ishlar vazirligi rahbarlari bilan ham uchrashuvlar o‘tkazdi.
Izoh (0)