“O‘zbekiston” sport majmuasida 25-may kuni taekvondo (WTF) bo‘yicha XXI va taekvondo “Pumse” bo‘yicha III Osiyo chempionatlari boshlandi. Osiyo taekvondo ittifoqi, O‘zbekiston taekvondo (WTF) assotsiatsiyasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamkorligida tashkil etilgan nufuzli musobaqalarda qit’amizning 30 dan ziyod mamlakatidan 400 nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashmoqda, deb xabar berdi O‘zA.
Musobaqaning birinchi kunida taekvondo “Pumse” bo‘yicha o‘tkazilayotgan bahslarning dastlabki g‘olib va sovrindorlari aniqlandi. Musobaqada munosib ishtirok etgan tajribali sportchi Rahim Hojimatov faxriylar o‘rtasidagi bahsda oltin medalni qo‘lga kiritdi. O‘smirlar o‘rtasidagi juftlik bahsida Anton Kan va Marina Kim Osiyo chempioni bo‘ldi.
Kattalar o‘rtasidagi bahsda Bahodir Alovxonov bronza medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, Maftuna Tolipova hamda Zafarbek Sattorov ham bronza medalga sazovor bo‘ldi.
– O‘zbekistonda sportni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar bugun xalqaro miqyosda keng e’tirof etilmoqda, – dedi Osiyo taekvondo ittifoqi prezidenti Li Kyu Sok. – Mamlakatingizda har qanday nufuzli tadbirni yuksak saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun zarur shart-sharoit yaratilgan. Bu Prezident Islom Karimov rahnamoligida sport sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samaralaridan dalolat beradi.
Eslatib o‘tamiz, taekvondo (WTF) bo‘yicha XXI Osiyo chempionatida 12 nafar, taekvondo “Pumse” bo‘yicha III Osiyo chempionatida esa 16 nafar sportchi O‘zbekiston sharafini himoya qilmoqda.
Izoh (0)