2014-yil 26—31-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovchilar bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. Shu munosabat bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Axborot xizmati tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifing tashkil etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rasmiy sayti xabar berdi.
Brifingda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzurida akkreditatsiya qilingan ommaviy axborot vositalari vakillari, “Parlament jurnalistlar klubi”ning a’zolari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida ko‘riladigan masalalar, aholining ijtimoiy-iqtisodiy hayotini yanada yaxshilash va qonunchilikni takomillashtirish borasida deputatlik guruhlarining saylov okruglaridagi faoliyatini OAVda yoritish va mazkur jarayonlarning xolisligi, oshkoraligini ta’minlashda jurnalistlar bilan hamkorlik hamda uchrashuvlardan kutilayotgan natijalar bo‘yicha har bir fraksiyadan bittadan vakil jurnalistlarga amalga oshiriladigan tadbirlar haqida axborot berdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovchilar bilan uchrashuvlaridagi muloqotlar jarayonida saylovchilarga parlament faoliyati, qonun ijodkorligi va qabul qilinayotgan huquqiy-me’yoriy hujjatlarning mazmun-mohiyati, muhokama etilayotgan yangi qonun loyihalari xususida batafsil ma’lumotlar beriladi.
Fraksiyalar vakillarining ta’kidlashicha, saylov okruglarida deputatlar bilan bir qatorda hududiy ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etib, jarayonlarni xolislik va haqqoniylik tamoyiliga asoslangan holda keng jamoatchilik e’tiboriga havola etib boradi. Ushbu yo‘nalishda siyosiy partiyalarning matbuot va internet nashrlarida esa saylovchilar bilan uchrashuvlar haqidagi e’lonlar chop etiladi.
Shuningdek, brifingda internet tarmog‘ida saylovchilar bilan uchrashuvning on-layn xizmati yo‘lga qo‘yilganligi, xususan, Qonunchilik palatasining rasmiy veb-saytida esa “Saylovchilar bilan uchrashuv”, “On-layn qabulxona” kabi interaktiv muloqot usullarining amalga oshirilayotganligi e’tirof etildi. Ayni kunda Axborot xizmati va fraksiyalar hamkorligida saylovchilar bilan uchrashuvlarni OAVda yoritish bo‘yicha media-reja ishlab chiqilmoqda.
Izoh (0)