O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning IV sammiti yig‘ilishida ishtirok etish uchun Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA maxsus muxbiri Bahodir Ergashev xabar qildi.
Davlat rahbarini Shanxay shahrining “Xunsyao” xalqaro aeroportida XXRning rasmiy shaxslari tantanali ravishda kutib oldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov va XXR Raisi Si Szinpin bugun, 20-may kuni ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazadi. Suhbat chog‘ida ikki davlat rahbarlari strategik sheriklikning ustuvor maqsadli vazifalari va ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirishning istiqbolli masalalarini atroflicha muhokama qiladi.
Prezident Islom Karimov 21-may kuni Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning IV sammiti yig‘ilishida ishtirok etadi.
Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash qit’ada hamkorlikni mustahkamlash, tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan xalqaro forumdir. Kengashning asosiy maqsadi ko‘p tomonlama munosabatlarni ishlab chiqish orqali bu yo‘nalishdagi hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Bugungi kunda Kengashga 24 davlat a’zo. To‘qqiz mamlakat va to‘rt xalqaro tashkilot uning kuzatuvchilari hisoblanadi.