AQSh fuqarolar huquqlari himoyasi sohasida jahon yetakchisi rolini oldi, biroq avval Vashington o‘z mamlakatida bu sohani tartibga solishi zarur, deb hisoblaydi Pxenyan.
“RIA Novosti” xabar berishicha, Koreya Markaziy telegraf agentligi (KMTA) AQShda irqiy diskriminatsiya borligini qayd etgan. Shimoliy Koreya OAVlari o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, so‘ralgan amerikaliklarning 52 foizi mamlakatda irqchilik borligini tasdiqlagan, 42 foizi esa bunday diskriminatsiyaning abadiy bo‘lishiga ishonch bildirgan.
KMTA fikricha, AQSh “qip-qizil jahannamning o‘zi”, chunki u yerda eng oddiy inson huquqlari “shafqatsizlarcha buzilmoqda”. Ishsizlar sonining oshib borayotgani, uy-joy narxining osmonlayotgani, qashshoqlarning ko‘payayotgani, bolalarning katta qismi o‘z yoshiga mos ravishda ovqatlanmasligi kabi faktlar dalil sifatida keltirildi.
Shuningdek, AQShning BMT reytingida qotilliklar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turishi, eng ko‘p mahbuslar ham AQSh hududida ekani (2,2 million) qayd etildi. “Davlat axloq tuzatish muassasalarida joy yo‘qligi tufayli xususiy qamoqxonalar ommalashib bormoqda”, — deb yozadi KMTA.
Shimoliy Koreya OAVlari ushbu muammolarga qaramay, Barak Obama “chet el safarlariga yuz millionlab dollar sarflayotgani”, o‘z xalqining yashash sharoitlariga qiziqmayotganini ta’kidlar ekan, “AQSh — inson huquqlarini himoya qilish sohasida eng yomon davlat”, — deya xulosa qildi.
Izoh (0)