Jizzax viloyati ekologiya boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Yangiobod tumanida aholi yashash xonadonlariga tog‘dan ayiq tushib kelgani haqidagi xabarlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Holat Jizzax viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari tomonidan o‘rganilgan.
O‘rganish davomida haqiqatan ham 17-aprel kuni tunda Yangiobod tumanining “Do‘stlik” mahallasi “Chakan” qishlog‘i hududiga tog‘dan ayiq tushib kelgani va tong vaqtida Yangiobod tumani o‘rmon xo‘jaligi hududiga o‘tib ketgani aniqlangan. U mahalla aholisi, xonadonlar va chorva mollariga zarar yetkazmagan.
Hozirda tuman Ekologiya inspeksiyasi va viloyat IIB xodimlari tomonidan ayiqni o‘rmon xo‘jaligi hududidan o‘z yashash arealiga betalafot o‘tkazib yuborish choralari ko‘rilmoqda.
Bir necha kun oldin Zomin tog‘-o‘rmon davlat qo‘riqxonasidan ayiq qochib ketgani haqidagi xabarlar rad etilgandi.
Izoh (0)