Qashqadaryoda qishloqqa tushgan ikki ayiq bolasi ushlanib, qo‘riqxona hududiga qo‘yib yuborildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Shahrisabz tumani, “Shakarteri” MFY, Soybo‘yi qishlog‘i hududiga tog‘li hududdan O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan ikki bosh Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i bolalari kelib tushgan.
Vaziyat yuzasidan Ekologiya vazirligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi, Shahrisabz tuman IIB, Milliy gvardiya, Toshkent hayvonot bog‘i hamda Hisor qo‘riqxonasi xodimlaridan iborat tezkor ishchi guruh tuzildi. Voqea joyiga yetib borgan ishchi guruh tomonidan ko‘rilgan operativ chora-tadbirlar natijasida ayiq bolalari maxsus o‘q-dorili qurol yordamida uxlatildi.
Ayiq bolalariga hech qanday shikast yetkazilmasdan, Hisor davlat qo‘riqxonasining “Tanxoz” daryo bo‘limiga qo‘yib yuborildi.
Bundan bir necha kun avval Toshkent viloyati Parkent tumanida ayiq ozuqa izlab, aholi yashaydigan hududga kelgan va fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 14 bosh qo‘ydan 2 tasini olib ketgandi.
Izoh (0)