Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Amerika Qo‘shma Shtatlari yetakchisi Donald Tramp Yevropaga nisbatan haqli tarzda qattiq siyosat olib bormoqda, degan fikrda. Lukashenko bu haqda Time jurnaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.
Lukashenkoning bayonoti Ukraina donini eksport qilish masalasi muhokama bo‘lib turganda yangradi.
“Tramp haq, u Yevropani boplayapti. Tramp — buldozer. U donni Polshada yuklashni yoki Germaniyada portlarda joylashtirishni xohlaydi. Chunki Odessa betonlangan. U yerda minalar suzib yuribdi. U donni Polsha orqali o‘tkazib, Gdanskda yoki o‘sha joydagi portda yuklamoqchi bo‘lgan edi. Ruxsat berishdimi? Yo‘q – ular Yevropa bozoriga don kirib kelishidan qo‘rqishadi”, degan Lukashenko.

Shu munosabat bilan Belarus prezidenti don masalasi bo‘yicha Minskka nazorat funksiyasini berishni taklif qildi: “Kelinglar, biz nazorat qilamiz, Afrikaga yuklanadigan Ukraina donining bir tomchisi ham Yevropaga tushmaydi. Lekin sasiganlar buni xohlamaydi. Tramp haq, u Yevropani egyapti. Faqat bu spektakl bo‘lmasin”, degan Belarusning uzoq yillik rahbari.
Belarus prezidentining urg‘ulashicha, Rossiya urushda mag‘lub bo‘lmaydi. Shuningdek, u Rossiyaning eng katta yadro arsenaliga ega ekanligini eslatib o‘tgan.
“Rossiya mag‘lub bo‘lmaydi. Mag‘lubiyat hammamizga juda qimmatga tushadi. Avvalo sizlarga. Jumladan, okean ortidagi odamlarga ham qimmatga tushadi. Rossiya eng katta yadro qurollari arsenaliga ega. Mag‘lubiyat bo‘lmaydi. Bo‘lmaydi. Ammo Ukraina mag‘lub bo‘lishi mumkin. Bunga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Keling, hoziroq kelishib olaylik”, deya xitob qilgan Aleksandr Lukashenko.
Izoh (0)