Musulmonlar idorasi raisi Nuriddin Xoliqnazarov onlayn videosuhbatda hijrat masalasidagi savolga javob qaytardi. Muftiy so‘zlariga ko‘ra, hijrat qilish uchun yurtda notinchlik, zulm va eʼtiqod uchun qiyinchilik bo‘lishi kerak. O‘zbekistonda esa tinchlik va ibodat erkinligi bor. Shu bois hijrat qilish mantiqsizlik.

Payg‘ambar davridagi ikki hijrat
Nuriddin Xoliqnazarov hijrat bir joydan ikkinchi joyga ko‘chish maʼnosini anglatishini aytdi. Payg‘ambar Muhammad alayhissalom davrida ikki marta hijrat bo‘lganini eslatdi. Birinchisi, Habashistonga, ikkinchisi Makkadan Madinaga hijrat qilingan. Muftiy nima uchun hijrat qilingan, deya savol qo‘yib, masalani tushuntirdi.
“Birinchi hijrat Habashiston, hozirgi Efiopiyaga qilingan. Unda maʼlum bir sahobalarga zulmlar kuchayib ketgan, o‘lim xavfi tug‘ilgan, juda qiyin ahvolda qolishgan. Yolg‘iz Allohga ibodat qilgani, yagona Alloh va Rasuliga iymon keltirgani uchun mana shunaqa azoblar bo‘lgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom ularni bu zulmlardan saqlash maqsadida Habashistonga borib yashab turishga, yaʼni ko‘chib ketishga ruxsat berganlar va mana shu birinchi hijrat bo‘lgan. Sahobalar Habashistonga borib, o‘z jonini saqlab qolgan”, dedi din peshvosi.
Nuriddin Xoliqnazarov ikkinchi hijrat milodiy 622-yilga to‘g‘ri kelishini aytib, unda musulmonlarga ommaviy zulm kuchayganini bildirdi. Bunda hattoki, Payg‘ambar alayhissalomga ham zulmlar qilingani eslandi. Ana shu sabab barcha musulmonlar Makkadan Madinaga ko‘chib ketishga qaror qiladi.
“Abu Usmon Mujoshiʼiy ibn Masʼuddan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalotu vas-sallam: “Makka fathidan keyin hijrat yo‘q”, dedilar. Mazkur hadis o‘zidan oldin kelgan hijrat haqidagi hadislarni bekor qiluvchi ekanini ulamolarimiz taʼkidlagan. Bu nima degani? Demak, Makka fathidan keyin hijrat qilishga hech qanday sabab qolmadi. Va mana shu hadis o‘zidan avvalgilarni nasx qiluvchi degani. O‘zidan avval, yaʼni mana shu hadis aytilgungacha hijrat haqida nimaiki gaplar gapirilgan bo‘lsa, maqtovlar, bu keyingi, oxirgi hadis bilan uning hukmi bekor bo‘ldi. Nosih va mansuh degan qoidalar bor. Yaʼni baʼzi hadislar o‘zidan avvalgisining hukmini bekor qiladi. Lekin bu hadis yo‘qolib ketmaydi, yozilgan. Mana o‘sha sahih kitoblarni olib qarasak, hadislar to‘plamini qarasangiz, hijrat haqida ko‘p narsa yozilgan bo‘ladi”, dedi videochiqishida olim.
“Hijratga daʼvat mantiqsizlik”
Muftiyning aytishicha, baʼzi odamlar hijratga oid hadislardan foydalanib, yoshlarni chalg‘itishga urinmoqda.
“Soxta daʼvatchilar “mana ko‘ringlar, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hijrat haqida gapirgan gaplari bor”, deyapti. Uni o‘qib turib yoshlar aytyaptiki: “Ha, demak, hijrat bor ekan, mana sahih hadis turibdi, Payg‘ambarimiz alayhissalotu vas-sallamdan aytilgan”. O‘sha hadislarni hech kim inkor qilmaydi, bu haq. Ammo qoidada o‘sha eng oxirgi, Payg‘ambarimiz alayhissalom Makka fath bo‘lgandan keyin “Hijrat endi to‘xtadi”, degan gaplari bilan undan oldingi hamma aytilgan hadislarning hukmi bekor bo‘ldi. Hadis saqlanib qoldi, lekin hukmi bekor bo‘ldi”, deya tushuntirdi diniy idora rahbari.
“Gunohlardan tiyilish hijrati”
Muftiy masalani tahlil qilarkan, hijratga doir hadisda ikkinchi tavsiya ham berilganini bildirdi.
“Payg‘ambarimiz alayhissalom: “qo‘lidan, tilidan o‘zgalarga ozor bermagan kishiga haqiqiy musulmon deb aytiladi. Alloh taolo man etgan narsalardan qaytgan kishi esa Alloh yo‘lida hijrat qilgan kishidir”, dedilar. Bu Imom Buxoriyda rivoyat qilingan. Ko‘chib ketish hijrati yo‘q, ammo gunohlardan tiyilish hijrati bor. Payg‘ambarimiz alayhissalom shu gapni gapirdilar. Endi hijrat yo‘q, lekin endi gunohlardan hijrat bor. O‘sha gunoh, yomon ishlardan o‘zini saqlasa, hijrat savobini oladi”, dedi muftiy.
Nuriddin Xoliqnazarov ayrim soxta daʼvatchilar hijrat qilishga ko‘ndirib ko‘plab yoshlarni oilasidan, vatanidan judo qilayotganiga urg‘u bergan.
“Kelinglar bu yoqqa, hijrat qilinglar”, deyayotganlarga biz mantiqan savol beryapmiz: “Birodarlar, hijratdan ko‘zlangan maqsad – notinch, joniga qasd bo‘layotgan va eʼtiqodiga qiyinchilik tug‘ilgan joydan boshqa yurtga borishdir. Borilayotgan yurt esa tinchlik, osoyishtalik bo‘ladigan joy ekan. Demak, Madina shunday bo‘lgan. Hijratdan ko‘zlangan maqsad shu. Endi hozir hijrat qilinglar, deyotganda mantiqiga hech tushunmayapmiz. Yurtimiz tinch, ibodat erkinligi bor, namozlar o‘qiyapmiz, ro‘zalar tutyapmiz, haj-umralarga boryapmiz. Hayit namozlarini o‘qiyapmiz, mana bunday savol-javoblar qilish imkoniyati bor, masjidlarimizda ibodatlar bo‘lyapti. Yaʼni hamma eʼtiqod qiluvchi narsalarimiz mavjud bo‘lib turibdi. Jonimizga qasd bo‘lmayapti. Endi hijrat qilish uchun mana shu narsalar bo‘lmasligi kerak edi. Shundagina tinch joyga ketish kerak edi. Bular nima qilyapti? Mana shunday tinch yurtdan notinch bo‘lgan yurtga ketyapti. Hijratning tarixidagi mantiqqa ham to‘g‘ri kelmayapti. Shuning uchun aslida hijratning ikkinchi turiga mahkam eʼtibor berishimiz kerak. Gunohlardan hijrat qilishimiz zarur. Alloh man qilgan gunohlardan hijrat qilishni o‘rganishimiz lozim”, dedi Musulmonlar idorasi raisi.
Avvalroq Musulmonlar idorasi raisi bolalarga dunyoviy bilimlarni, kasb-hunarni puxta o‘rgatish juda muhim ekani haqida gapirgandi.
Izoh (0)