Shri Lanka sobiq prezidenti Ranil Vikramasingxe 22-avgust kuni davlat mablag‘laridan shaxsiy maqsadlarda foydalanganlikda gumonlanib, hibsga olindi. Bu haqda Al Arabiya xabar berdi.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, Vikramasingxe 2023-yil sentyabr oyida rafiqasi bilan Londonga qilgan tashrifi yuzasidan so‘roq qilinib, so‘ng qo‘lga olingan.
“U Kolombo Fort sudiga olib boriladi. Unga davlat mablag‘laridan shaxsiy maqsadda foydalanganlik bo‘yicha ayblov qo‘yilmoqda”, dedi tergovchilardan biri.
Ma’lum bo‘lishicha, sobiq prezident rafiqasi Meytri bilan Buyuk Britaniyada joylashgan Vulverxempton universiteti o‘tkazgan marosimida ishtirok etgan. Ushbu safar Vikramasingxening Gavana shahrida o‘tgan G77 sammitidan qaytishda amalga oshirilgan. U safar xarajatlari rafiqasi tomonidan to‘langanini, davlat mablag‘i ishlatilmaganini ta’kidlagan. Biroq politsiyaning jinoyat ishlari bo‘yicha bo‘limi u xususiy tashrifni davlat hisobidan amalga oshirgani va qo‘riqchilarining maoshi ham byudjetdan qoplanganini bildirgan.
Ranil Vikramasingxe 2022-yilning iyul oyida ommaviy noroziliklar ortidan lavozimidan ketgan Gotabaya Rajapaksadan keyin prezidentlikka kelgan edi. U o‘sha davrda mamlakat tarixidagi eng og‘ir moliyaviy inqirozga barham berishda muhim rol o‘ynagan. Shundan so‘ng, Vikramasingxe 2024-yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovida qayta saylana olmagan.
Izoh (0)