Shveysariya Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan tinchlik muzokaralarini o‘tkazish uchun mamlakatga kelsa, Xalqaro jinoiy sudning orderiga qaramay, uni hibsga olmaydi. Bu haqda Shveysariya tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassis bayonot berdi.
Tashqi ishlar vazirining aniqlik kiritishicha, ma’lum sharoitlarda Putinga Shveysariyaga tashrif buyurishga ruxsat beriladi. Sababi, 2024-yilda Shveysariya hukumati xalqaro qamoqqa olish orderi ostida bo‘lgan shaxslarga immunitet berish qoidalarini belgilagan edi. Ya’ni qamoqqa olinishi kerak bo‘lgan odam tinchlik muzokaralari uchun kelgan bo‘lsa, unga immunitet beriladi.

2023-yil mart oyida Xalqaro jinoiy sud Vladimir Putin va bolalar ombudsmani Mariya Lvova-Belovaga qarshi hibsga olish orderi chiqargan edi. Shveysariya XJSning to‘laqonli a’zosidir. 2024-yil iyun oyi boshida mamlakat hukumati Xalqaro jinoiy sud Isroil hukumatini G‘azo sektorida genotsid uyushtirganlikda ayblab order chiqargan taqdirda ham o‘z majburiyatlarini bajarishga tayyor ekanini alohida ta’kidlagan edi.
18-avgust kuni Donald Tramp Oq uyda Vladimir Zelenskiy va yevropalik yetakchilar bilan Rossiya–Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Tramp muzokaralar davomida Rossiya prezidenti bilan telefon orqali suhbatlashdi. Shundan so‘ng Vladimir Putin hamda Vladimir Zelenskiy o‘rtasida shaxsiy uchrashuv bo‘lishi haqida kelishilganini e’lon qildi. AQSh davlat kotibi Marko Rubio Trampning Putin bilan suhbatida ishtirok etganini va Rossiya prezidentining uchrashuvga rozi bo‘lganini tasdiqladi. Biroq Kreml bu haqda rasmiy ravishda xabar bermagan.
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Putin va Zelenskiy uchrashuvi uchun Jenevani taklif qilgan. G‘arb nashrlari Budapesht va Rimni ham variantlar qatorida tilga olmoqda.
Izoh (0)