Britaniyalik 31 yoshli Uilyam Gudj Avstraliya bo‘ylab yugurish bo‘yicha jahon rekordini yangiladi. Bu haqda BBC xabar berdi.

U 15-aprel kuni Avstraliyaning Pertdagi Kottesloe plyajidan 3800 kilometr masofaga yugurishni boshlab, 19-may kuni mashhur Bondi plyajiga yetib keldi.
Asli Angliyaning Bedfordshir shahridan bo‘lgan Gudj har kuni ikki yarim marafonga teng — taxminan 100 km masofaga yugurgan. Yo‘l-yo‘lakay oyoq tirnoqlari chirib tushib keta boshlagan. Ba’zan suyaklaridagi og‘riq tufayli uyqusi buzilib, gallyutsinatsiyani ham boshidan kechirgan. Marra chizig‘ini kesib o‘tganidan bir necha daqiqa o‘tgach, sportchi marhum onasi xotirasiga Bondi qirg‘og‘iga bir dasta gul qo‘ygan.
“Dastlabki to‘qqiz kun juda qiyin bo‘ldi. Lekin o‘z tanangiz va ongingizga qiyinchiliklarga duch kelsangiz ham, bardosh berishni va buni yengib o‘tishni uqtirishingiz kerak,” deya intervyu bergan Gudj.
Sportchi 2018-yilda onasi Amanda saraton kasalligidan vafot etganidan keyin marafon yugurishlarini boshladi. Bundan tushgan mablag‘larni esa Buyuk Britaniya, AQSH va Avstraliyadagi saraton xayriya tashkilotlariga yo‘naltirgan.
Gudj, shuningdek, Los Anjelesdan Nyu Yorkkacha 55 kunda yugurib borgan eng tez yuguruvchi britaniyalik rekordchi hisoblanadi.
Izoh (0)