Donald Tramp ma’muriyati AQSH davlat departamenti byudjetini ikki barobar qisqartirish, diplomatlar va elchixonalar sonini kamaytirish, shuningdek, BMT va NATO kabi xalqaro tashkilotlarni moliyalashtirishni to‘xtatishni taklif etdi. Bu haqda Associated Press (AP) agentligi xabar berdi.

Ular AQSH Ma’muriy-byudjet boshqarmasining (Office of Management and Budget, OMB) 2026-moliyaviy yil, ya’ni 2025-yil 1-oktyabrdan boshlanadigan davlat departamenti byudjeti to‘g‘risidagi hujjatiga havola qilmoqda. Moliyalashtirish 50 foizga yoki taxminan 30 milliard dollarga qisqartirilishi rejalashtirilmoqda.
Hujjat bilan USAID orqali xorijiy davlatlarga ko‘rsatiladigan 52 milliard dollarlik yordamni ikki baravarga qisqartirish, davlat departamenti va umuman USAID orqali beriladigan xorijiy yordamni chorakdan ko‘proqqa kamaytirish, OIV, sil va bezgakka qarshi kurashdan tashqari global sog‘liqni saqlash dasturlarini moliyalashtirishni to‘xtatish, BMT va NATO kabi boshqa yirik nodavlat tashkilotlarni moliyalashtirishni bekor qilish, afg‘on ittifoqchilarini ko‘chirish idorasini yopish hamda qochqinlar va immigratsiya bo‘yicha bir qator dasturlarni qisqartirish taklif etilmoqda.
Tashabbus bilan tanish bo‘lgan yuqori lavozimli amerikalik amaldor uni xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha “dadil” deb baholadi. Ma’muriyat yakuniy qarorlar hali qabul qilinmaganini ta’kidlamoqda. Trampning birinchi prezidentlik muddatida ham xarajatlarni qisqartirishga o‘xshash urinishlar bo‘lgan, biroq o‘shanda AQSH Kongressi bu g‘oyaga qarshi chiqqan edi.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, Oq uy AQShning xorijdagi, asosan Afrika va Yevropadagi 10 ta elchixonasi va 17 ta konsulligini yopishni taklif etmoqda.
Agentlikning ta’kidlashicha, hujjat dastlabki xususiyatga ega bo‘lib, ehtimol davlat departamentining o‘zi ham, 2026-yilgi davlat byudjetini tasdiqlashi kerak bo‘lgan AQSH Kongressi ham uni ma’qullamaydi. “Moliyalashtirish bo‘yicha yakuniy qarorlar hali qabul qilinmagan”, dedi boshqarma vakili.
AQSH Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligi rahbari kichik Robert Kennedi sog‘liqni saqlash tizimini umumiy qayta qurish doirasida 10 ming xodimni qisqartirish rejalashtirilayotganini e’lon qilgandi.
Amerikaning Challenger, Gray&Christmas ishga joylash kompaniyasining hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi ikki oy ichida AQSH hukumatining samaradorlik departamenti (DOGE) faoliyati natijasida mamlakatdagi 27 ta idorada 280 mingdan ortiq federal xodim va pudratchilari ishdan bo‘shatilgan.
Izoh (0)