“Nadomat” loyihasining navbatdagi suhbatdoshi juda yosh. U endigina 14 yoshni qoralagan bolakay. Afsuslar bo‘lsinki, uning qilgan ishlari uncha-muncha yoshi katta odamning ham xayoliga kelmaydi. Noto‘g‘ri tarbiya, eʼtiborsizlik yoki boshqa sabablar uni juda erta jinoyat olamiga olib kirgan. Suratga olish jarayonida uning kichik barmoqlariga o‘yib chizilgan belgilar eʼtiborimizni tortdi. Ular nima maʼnoni anglatishi bilan qiziqdik. “Bu yolg‘iz bo‘ri degani — men yakka o‘g‘irlik qilaman”, deb javob berdi.
Mahkum — 14 yoshda. U Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topilib, ikki yilga ozodlikdan mahrum etilgan. U bir necha bor o‘g‘irlik sodir etib, avtomobillarni olib qochgan va mashina ichida qoldirilgan pul va qimmatbaho buyumlarni o‘g‘irlagan.
“Ko‘chada yashab yurdim”
— Men Toshkent viloyati, Yuqori Chirchiq tumanidanman. Oilada to‘rt farzandmiz, dadam 2017-yili vafot etgan. O‘g‘irlik qilishni 13 yoshimdan boshlaganman. Yoshim kichkina bo‘lgani uchun kechirib yuborishgan. Maktabga borishimni doimiy nazorat qilishardi, boshqa yerlarda ham o‘g‘irliklar bo‘lsa meni surishtirishardi. Xodimlarning nazorati yoqmagani uchun uydan qochib ketganman. 8 oy davomida ko‘chada yashab yurganman. Meni qo‘lga olib, tarbiyasi og‘ir bo‘lgan bolalar markaziga olib borishgan. Onam ariza yozib uyga olib kelgan. Ammo oradan ko‘p o‘tmay yana uydan qochib ketganman. Ko‘chada yashab o‘g‘irlik qilishni boshladim, — deydi mahkum.
“Beshta mashinani olib qochdim”
— 13 yoshimda ilk marta katta summani o‘g‘irlaganman. O‘shanda eshigi ochiq qoldirilgan mashinadan 5 million so‘mni olganman. Undan keyin 30 million so‘m o‘g‘irladim. Bozor yaqinidagi Damas mashinasining old o‘rindig‘ida pul borligini ko‘rdim. Ustiga futbolka tashlab qo‘yishgan ekan. Mashinaning orqa eshigini tosh bilan urib sindirib, pulni olib qochganman.
Undan keyin besh marta mashina olib qochdim. Ichidagi pulni va qo‘lga ilinadigan narsalarni olib, mashinani boshqa yerlarda qoldirib ketardim. 100 million so‘mlik zarar hisoblab berishgan, — deydi mahkum.
“Jinoyatchi bolalar 12 yoshdan boshlab qamaladi”
— Birinchi marta uydan qochib ketganimda qidiruvga berishgan. Undan keyin izlashmagan. To‘rt oyda bir uyga borardim, keyin yana qochib ketardim. Uydagilarimni sog‘inmaganman, ular ham qiziqishmasdi. Bir tanishim o‘g‘irlagan pullarim evaziga ijaraga kvartira olib bergandi. O‘sha yerda turardim. Oxirgi marta uyga o‘g‘irlikka tushganman va 30 gr tilla taqinchoq bilan 11 million so‘m pulni olib chiqib ketganman. Tillalarning yarmini sotganman, pulning ham katta qismini o‘z ehtiyojlarim uchun ishlatib yubordim.
Pul o‘g‘irlaganimda asosan bozorga borib kiyinardim, telefon apparati sotib olardim. Shu yerga kelib bildimki, jinoyat qilgan shaxs bola bo‘lsa ham javobgarlikka tortilar ekan. 12 yoshdan boshlab qamashadi, bu yerga kelgandan keyin esa ozodlikning qadriga yetar ekan. Ozodlikka chiqqanimdan keyin o‘qimoqchiman, — deydi 14 yoshli mahkum.
O‘ylaymizki, bu loyiha ota-onalarni sergaklikka chorlaydi. Farzand tarbiyasiga hushyor bo‘lish, uning vaqtini zoye ishlarga sarflamaslik va taʼlim-tarbiyasiga alohida eʼtibor berish davr talabi.
Izoh (0)