Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi bog‘chada bolaga kuch ishlatilgani aniqlandi. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.
Bolalar ombudsmanining xabar berishicha, voqea 30-aprel kuni soat 11:00 da Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan 512-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida sodir bo‘lgan.
11-guruh tarbiyachisi N.T. guruhda tarbiyalanuvchilardan birining tug‘ilgan kunini nishonlash jarayonini videoga olayotganida 5 yoshli bolaning xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib, bosh qismiga bir necha marotaba qo‘li bilan urgan.
“Men bu yerda video qilyapman, sen nega maymunga aylanyapsan?” — deya tanbeh bergan tarbiyachi bolaga.
Bolalar ombudsmani mazkur holatni o‘z kuzatuviga oldi. Prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Bundan avval poytaxtning Yunusobod tumanidagi bog‘chada tarbiyachi bolani qo‘rqitib, kuch ishlatgani aniqlangandi. Ushbu tarbiyachi ishdan bo‘shatilgan.
Izoh (0)