Keyingi Rim papasi Afrikadan bo‘lishi mumkin. Hozirda ushbu qit’adan uch kishi nomzod sifatida ilgari surilmoqda. Bu haqda Fox News portali xabar berdi.

Qit’ada dunyoning boshqa joylariga qaraganda ko‘proq odamlar katoliklikni qabul qilmoqda va millionlab afrikaliklar quvg‘inlar va o‘limga qaramay, o‘z e’tiqodlariga sodiq qolishganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Vatikan 2024-yil oktyabr oyida, katoliklar sonining o‘sish holati eng ko‘p Afrika ulushiga to‘g‘ri kelayotganini ta’kidlab, o‘tgan yil hisobida 7 million 271 ming afrikalik e’tiqodga kirganini ochiqladi.
1910-yilda Afrikada katoliklar soni 1 million atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu ko‘rsatkich 265 millionni tashkil etadi, deb xabar berdi 2023-yilda Milliy katolik registri .
Fox News Digital’ning ta’kidlashicha, Afrikada yetakchi papalikka qodir uch nomzod bor. Ular: Kongo Demokratik Respublikasidan (KDR) 65 yoshli kardinal Fridolin Ambongo Besungu, Ganadan 76 yoshli kardinal Piter Kodvo Appiah Turkson va Gvineyadan 80 yoshli kardinal Robert Sara.
Ilohiyotshunos va ijrochi murabbiy Jonatan Morris ham yangi papa afrikalik bo‘lishi haqida ijobiy fikr bildirib Fox News’ga shunday dedi:
Rim papasi lavozimiga afrikalik nomzod nafaqat cherkovning eng tez rivojlanayotgan qit’asi vakili bo‘lgani uchun, balki kardinallarning turli mafkuraviy guruhlarini birlashtirish salohiyatiga egaligi uchun ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Ammo papalikka nomzodlar Afrikadan tashqarida ham topiladi, albatta. Italiyaning La Stampa gazetasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rim papasi taxtiga eng katta ehtimol bilan hozirda Vatikan davlat kotibi lavozimini egallab turgan Petro Parolin da’vogarlik qilmoqda. U 2013-yildan beri Vatikan Davlat kotibiyati rahbari lavozimini egallab keladi va Rim-katolik cherkovi iyerarxiyasida ikkinchi shaxs hisoblanadi. Nashrning ta’kidlashicha, Parolin cherkovning ochiqligini saqlab qolishga qodir.
Quyida Rim papaligiga nomzodlar keltirilgan:
- Petro Parolin (70, Italiya) — Vatikanning oliy diplomati, Fransisning o‘rtancha vorisi hisoblanadi. Xitoy va Yaqin Sharq bilan muzokaralardagi asosiy figura, o‘ta pragmatikligi uchun tanqid qilingan.
- Luis Antonio Tagl (67, Filippin) - birinchi osiyolik papa bo‘lishi mumkin. Ilgari Fransis bilan yaqin bo‘lishgan, keyinchalik munosabatlari tugagan. LGBT va ajrashish mavzulariga yengil qaraydi. Abort masalasida esa salbiy fikrda.
- Piter Turkson (76, Gana) — birinchi qora tanli pontifik bo‘lishi mumkin. Ijtimoiy adolatni yoqlab korrupsiyaga qarshi kurashadi, ammo nikoh va ruhoniylik borasida an’anaviy qarashlarga ega.
- Piter Erde (72, Vengriya) — konservativ, an’anaviy aqidalar tarafdori. Fransisning migratsiya siyosatini tanqid qilib, muhojirlarni cherkovlarga qabul qilish chaqirig‘iga qarshi chiqqan.
- Matteo Zuppi (69, Italiya) — progressiv qanot vakili, Fransisning ishonchli odami. Ukrainada tinchlik vositachisi bo‘lib ishlagan. Fransisning yo‘lini davom ettirib, kambag‘allar va yordamga muhtojlarga g‘amxo‘rlik qilishi mumkin.
- Xose Tolentino de Mendonsha (59, Portugaliya) — eng yosh nomzodlardan biri. U liberal qarashlarga ega, Fransisga yaqin, ammo iyerarxiyada bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi. Uning fikricha, cherkov zamonaviy madaniyat bilan o‘zaro aloqada bo‘lishi kerak.
- Mario Grech (68, Malta) — sobiq an’anachi, hozirda islohotchi. Cherkovda ayollarning rolini kengaytirish tarafdori. Muhojirlarni qutqarish bilan shug‘ullanuvchi nodavlat tashkilotlar faoliyatini cheklashga uringan yevropalik siyosatchilarni tanqid qilgan.
- Pierbattista Pizzaballa (60, Italiya) — Quddusning lotin patriarxi. U omma oldida o‘zini tuta bilishi bilan mashhur. 2023-yil oktyabr oyida HAMASning Isroilga hujumidan so‘ng, Pizzaballa G‘azoda tutqilangan bolalar evaziga o‘zini garovga olishni taklif qilgan. 2024-yil may oyida u bir necha oylik muzokaralardan so‘ng G‘azoga tashrif buyurib, tinchlik va insonparvarlik qadriyatlariga sodiqligini namoyish etdi.
- Robert Sara (79, Gvineya) — an’anaviy, pravoslav kardinal bo‘lib, kuzatuvchilarning fikriga ko‘ra, u bir vaqtlar Fransisga “muqobil kuch” sifatida ishlagan. U gender mafkurasini jamiyatga tahdid sifatida qoralaydi va islom fundamentalizmiga qarshi chiqadi. Tagl singari u ham asrlar davomida birinchi qora tanli papa bo‘lishi mumkin.
Kecha, 21- aprel kuni Rim papasi Fransis Vatikanda vafot etdi. Yaqin kunlarda rasmiy motam e’lon qilinadi. Shundan so‘ng kardinallar kollegiyasi-konklavi yangi papani saylash uchun yig‘iladi.
Papa konklavi natijasini oldindan aytish deyarli imkonsiz: saylov jarayoni qat’iy maxfiylikda o‘tkaziladi va pozitsiyalar har bir ovoz berish jarayonida o‘zgarib ketishi mumkin. Bundan tashqari, ular o‘ziga ma’qul nomzodni targ‘ib qilishi yoki raqobatchilarni bloklash orqali natijaga ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Izoh (0)