Buxoroda bundan 6 yil oldin sodir etilgan qotillik jinoyati fosh etilib, gumonlanuvchi shaxs ushlandi, deb xabar beradi Buxoro viloyati IIB axborot xizmati.
Qayd etilishicha, 2018-yilning 24-aprel kuni soat 01:15 larda Buxoro shahar IIO FMB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, shaharning Turdi Farog‘iy ko‘chasida joylashgan xonadonlardan birida yong‘in yuz bergan. Yong‘in bartaraf qilinganida, xonadon mehmonxonasidan shu uyda yashagan fuqaroning jasadi tanasining turli joylarida jami 18 ta sanchilgan-kesilgan jarohatlar bilan aniqlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 2-qismi “j” bandi, 173-moddasi (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi “b, v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
O‘sha vaqtda prokuratura va ichki ishlar organlari xodimlaridan iborat tarkibda tergov tezkor guruh shakllantirilib, bir qator tezkor texnik, surishtiruv hamda tergov harakatlari olib borilgan bo‘lsada jinoyatni fosh etish bo‘yicha aniq natijalarga erishilmagan. 2024-yil boshidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining alohida farmoyishi asosida o‘tgan yillarda sodir etilib, fosh etilmasdan qolayotgan jinoyat ishlari bo‘yicha tezkor surishtiruv tadbirlarni tiklash va fosh etish bo‘yicha alohida chora tadbirlar belgilangan.
Ana shu jinoyat ishlari orasida yuqorida keltirilgan mudhish qotillik jinoyati ham mavjud bo‘lib, mazkur jinoyat ishi bo‘yicha ham viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor-qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-texnik va surishtiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir qilgan shaxs aniqlangan.
Ayblanuvchining ko‘rsatmalarini voqea joyida tekshirish tergov harakati hamda guvohlarning ko‘rsatmalariga asosan jinoyat sodir qilganlikda gumon qilingan shaxsning aybi to‘liq isbotlanib, jinoyat ishi yuzasidan to‘plangan hujjatlar jazoning muqarrarligini taʼminlash uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudiga yuborilgan.
- Avvalroq Sirdaryoda yong‘in sodir bo‘lgan uydan uch kishining jasadi qotillik alomatlari bilan topilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
- Jinoyatni fosh etish maqsadida prokuratura hamda ichki ishlar organlarining malakali va tajribali xodimlaridan iborat tuzilgan tezkor-tergov guruhi tomonidan ko‘rilgan zarur choralari natijasida gumonlanayotgan shaxs qo‘lga olingan.
Izoh (0)