Buxoro neftni qayta ishlash zavodida ishlab chiqarilgan Ai-92 rusumli avtobenzin narxi arzonlashtirildi. Bu haqda 11-avgust kuni “O‘zbekneftgaz” matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu zavodda ishlab chiqarilgan Ai-92 rusumli avtobenzinning birja savdolaridagi 1 tonnasi boshlang‘ich narxi birinchi bosqichda 12 mln 881 ming so‘mdan 12 mln 628 ming so‘mga tushirildi. Bu 1 litr Ai-92 rusumidagi avtobenzinning birjadagi boshlang‘ich narxi 9 400 so‘m degani.
“Davlat rahbarining aholini arzon va sifatli yoqilg‘i mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosi doirasida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida Ai-92 rusumli avtobenzin narxini bosqichma-bosqich pasaytirish ishlari olib borilmoqda. Bu “O‘zbekneftgaz” AJning yoqilg‘i bozori barqarorligini saqlash, aholini yuqori sifatli benzin bilan ta’minlashga qaratilgan strategiyaning muhim qismi hisoblanadi”, deyiladi kompaniya xabarida.
Qayd etilishicha, benzin narxi pasayishi ishlab chiqarish hajmini oshirish va tannarxni kamaytirish orqali amalga oshirildi. Ichki bozorni rivojlantirish va iste’molchilar manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida yuqori oktanli yoqilg‘i narxlarini bosqichma-bosqich pasaytirish ishlari davom ettiriladi.
“O‘zbekneftgaz” 2025-yil sentyabrdan Ai-80 benzini ishlab chiqarishni to‘liq to‘xtatmoqchi. Kompaniya joriy yilning o‘zida Ai-80 rusumli avtobenzin tizim korxonalari omborlarida to‘liq tugatilishini, 2026-yildan faqat yuqori oktanli avtobenzin sotishga o‘tilishini reja qilgan.
Izoh (0)