Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni gaz qazib olishning joriy holati va uni yanada oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“O‘zbekneftgaz” AJ raisi 2024-yilda bajarilgan ishlar hamda 2025-yilgi ustuvor vazifalar to‘g‘risida axborot berdi.
Qayd etilganidek, sohada xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda. Ular ishtirokida kelasi yil gaz qazib chiqarish hajmini barqarorlashtirish loyihalari shakllantirildi. Xususan, zamonaviy texnologiyalar jalb qilinib, yangi ekspluatatsiya quduqlari burg‘ilanadi hamda eskilari taʼmirlanadi.
Tarmoqdagi asosiy muammo geologiya-qidiruv ishlariga uzoq yillar yetarlicha eʼtibor qaratilmaganidir. Oqibatda ayrim konlar foydalanish muddatini deyarli o‘tab bo‘lgan, yana baʼzilarining samaradorligi past. Shuning uchun zamonaviy texnologiya olib kelinib, 15 ta yangi istiqbolli maydonda geologiya-qidiruv ishlari boshlanadi. Seysmik qidiruv hududi 6,5 ming kvadrat kilometrga kengaytiriladi.
Mutasaddilarga yirik xorijiy kompaniyalar va ekspertlarni jalb etgan holda, geologiyani rivojlantirish va yangi konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha 2025-yil uchun dastur ishlab chiqish topshirildi.
“O‘zbekneftgaz”da transformatsiyani davom ettirib, tannarxni kamaytirish, xalqaro kredit reytingini yaxshilash vazifa qilib olingan. Jumladan, kelgusi yilda ishlab chiqarish va geologiya-qidiruv loyihalarini moliyalashtirish uchun xalqaro manbalardan mablag‘ jalb qilinishi mo‘ljallangan.
Davlat rahbari sohada investitsiyalar, yangi texnologiyalar bilan birga kadrlar masalasi muhim ekanini taʼkidladi. O‘qitish sifatini oshirib, zamonaviy mutaxassislar tayyorlash, chet elda ishlayotgan malakali vatandoshlarimizni taklif etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Izoh (1)
Бирорта инсон шу хакда ёзай демайди, Узбекистонда яшаб ойлигимизни вактида ололмаймиз, Август, Сентябрь, Октябрь, Ноябрь, Декабрь, ойлигимиз берилгани юк.
Ериелл компанясида,
6 мингдан зиёд одам ишлайди, лекн ойлик юк Яшасин Узбекистон