Donald Tramp AQSH steyblkoinlari uchun milliy innovatsiyalarni boshqarish va yaratish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu haqda Oq uyning rasmiy veb-saytida ma’lum qilindi.

AQSH kafolati ostidagi yangi kriptovalyuta
Steyblkoin bu — kursi barqaror aktivning qiymatiga bog‘langan kriptovalyuta turi hisoblanadi. AQSHda bu dollar yoki qisqa muddatli xazina obligatsiyalari bo‘ladi. Steyblkoin chiqaruvchilarga o‘z zaxiralari tarkibini har oyda oshkora e’lon qilish majburiyati yuklandi.
“GENIUS AQSH davlat qarziga bo‘lgan talabni oshiradi va dollarning jahon zaxira valyutasi sifatidagi maqomini mustahkamlaydi”, deya ta’kidlandi Oq uy bayonotida.
Ular yana qo‘shimcha qilishicha, yangi qonun “Amerikani raqamli aktivlar sohasida so‘zsiz yetakchiga aylantiradi” va “tarixdagi birinchi steyblkoinlarni tartibga soluvchi federal tizimni” yaratadi.
“GENIUS qonuni dollar bilan ta’minlangan steyblkoinlarning ulkan salohiyatini yaratish va amalga oshirish uchun aniq va sodda me’yoriy asosni yaratadi. Bu, ehtimol, internet paydo bo‘lganidan beri moliyaviy texnologiyalardagi eng katta inqilob bo‘lishi mumkin”, dedi Tramp imzolagandan so‘ng.
AQSH mansabdor shaxslari steyblkoinlarni sotib olishlari mumkin
Qonunni imzolash marosimida texnologiya va kriptovalyuta kompaniyalari rahbarlari ishtirok etgan.
Qonun loyihasi AQSH Kongressi Vakillar palatasi tomonidan keng ko‘lamli ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlash bilan qabul qilingan. Demokratlar amaldorlar va ularning oila a’zolariga steyblkoinlar bilan bog‘liq loyihalarda ishtirok etishni taqiqlash to‘g‘risidagi bandni qo‘shishga urinishgan. Biroq bu band ma’qullanmagan.
CoinGecko ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda steyblkoinlar bozori 260 milliard dollardan ortiq baholanmoqda. Standard Chartered banki 2028-yilga kelib bu ko‘rsatkich 2 trillion dollargacha o‘sishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Izoh (0)