Yerda insoniyatning odatiy hayot tarziga, dengiz o‘simliklari va hayvonot dunyosiga hamda global ekotizimlarga xavf tug‘diradigan ikkita yangi iqlim mavsumi paydo bo‘ldi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar qilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, London iqtisodiyot va siyosiy fanlar maktabi olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqot davomida shunday xulosaga kelingan.
Xalqaro tadqiqotchilar guruhi ogohlantirishicha, global iqlim taqvimiga inson faoliyati tufayli yuzaga kelgan ikkita yangi mavsum — tutun mavsumi va chiqindi mavsumi allaqachon mustahkam o‘rnashib olgan. Bu hodisalar ekotizimlarni izdan chiqarmoqda, millionlab odamlar salomatligiga xavf tug‘dirmoqda va allaqachon har yilgi hodisaga aylanib ulgurgan.

Ta’kidlanishicha, tutun mavsumi har yili iyundan sentyabrgacha janubi-sharqiy Osiyoni qamrab oladi. Buning asosiy sababi Indoneziya va Malayziyada qishloq xo‘jaligi maqsadlari uchun tropik torfzorlarning ommaviy yondirilishidir. Tutun qo‘shni davlatlarga, jumladan, Singapur va Tailandga tarqalib, havo sifatining yomonlashishiga va kasalliklarning ko‘payishiga olib kelmoqda. Shunga o‘xshash hodisalar qishda Hindistonning shimolida kuzatiladi, u yerda hosil qoldiqlarini yoqish Divali bayrami bilan bir vaqtga to‘g‘ri keladi. AQSHda ilgari faqat yozda bo‘ladigan o‘rmon yong‘inlari mavsumi endi bahorda boshlanib, dekabrgacha cho‘zilmoqda.
Chiqindilar mavsumi Balida dekabrdan martgacha kuzatiladi, bu paytda musson shamollari va okean oqimlari plyajlarga tonnalab plastik chiqindilarni olib keladi. 2025-yilda bir mavsumning o‘zida 3 ming tonnadan ortiq chiqindi to‘plangan. Bunday holatlar Filippin, Tailand va AQSHning sharqiy qirg‘oqlarida, ayniqsa yozda, kuchli yomg‘irlar va daryo oqimi plastikni okeanga olib ketganda qayd etilgan.
Izoh (0)