Shavkat Mirziyoyev farmonlariga muvofiq, O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan turli sohalar vakillari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan mukofotlangan edi. 30-avgust kuni Ko‘ksaroyda ushbu mukofotlarni topshirish marosimi bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev barchani avvalo Mustaqillik bayrami bilan, yig‘ilganlarni davlatimizning yuksak mukofotlari bilan tabrikladi. Mamlakatda erishilayotgan natijalarning asosi, saʼy-harakatlarning mohiyati haqida so‘zladi.
“Biz nima uchun mehnat qilyapmiz? Xalqimiz tinch va farovon yashashi uchun, farzandlarimizning baxt-u kamoli uchun. Inson qadri degan harakatni boshlaganmiz. Bu harakatni, katta-katta maqsadlarimizni joylarda kim amalga oshiradi? Sizlarga o‘xshagan fidoyi, vatanparvar, kuchli insonlar! Sizlar — qahramonsizlar, yoshlarimizga namunasizlar. Men sizlar bilan g‘ururlanaman va xalqimiz nomidan rahmat aytaman”, dedi prezident.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston katta taraqqiyot yo‘liga chiqib olganini dunyo ham eʼtirof etyapti. O‘zbekiston tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkilotining bir nechta rezolyutsiyalari qabul qilindi. Yirik siyosiy va iqtisodiy forumlarda ilgari surilgan ko‘plab tashabbuslar xalqaro jamoatchilik tomonidan katta eʼtibor bilan qabul qilindi va qo‘llab-quvvatlandi.
“Mehnatkash, fidoyi yurtdoshilarimizni men o‘zimning eng yaqin qadrdonlarim, sadoqatli safdoshlarim deb bilaman. Bugun Vatanimizga jonkuyar, o‘zini el-yurt taqdiriga daxldor deb biladigan insonlar yanada ko‘proq kerak. Boshqalarni, ayniqsa, yoshlarimizni ortidan ergashtira oladigan, ertangi kunga ishontiradigan, jamiyatni birlashtiradigan odamlar kerak. Chunki el ishonchi, xalq birligi va ahilligi ko‘zlagan marralarimizga erishishda hal qiluvchi ahamiyatga ega”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Xabarda aytilishicha, uchrashuvda bugun dunyodagi vaziyat, unda oqilona yo‘l topish mashaqqati haqida ham so‘z yuritildi. Shiddat bilan o‘zgarayotgan davr mamlakatlar, xalqlar, insonlar oldiga yangi-yangi masalalarni qo‘ymoqda. Butun dunyoda raqobat, ertangi kun uchun kurash ketyapti. Shunga tayyor millat, shunga tayyor xalqgina Vatani va davlatini munosib o‘ringa ko‘tara oladi.
“Kelajakda global dunyoda O‘zbekistonning o‘rni qanday bo‘ladi? Biz o‘z mehnatimiz, bilimimiz, dunyoqarashimiz bilan el-yurtga qanchalik naf bera olyapmiz? Bu savollar hammamizni o‘ylantirishi kerak.
Mustaqillik bizga chinakam qadr-qimmat, insoniy g‘urur tuyg‘usini berdi. Shu bilan birga, mustaqillik bu — avvalo, masʼuliyat degani. O‘z taqdiri, o‘z kelajagini o‘zi belgilash, obod va ozod Vatan qurish masʼuliyati”, deb ta’kidladi prezident.
Davlat rahbari bugungi yutuqlar chegara emasligini, O‘zbekiston xalqi bundanda yaxshi yashashga munosib, katta ishlarga qodirligini aytdi. Buning uchun sharoit, imkoniyat, kuch-qudrat, salohiyat yetarli ekanini taʼkidladi.
Prezident joylarda davlat mukofotlarini qabul qilib olayotgan fuqarolarni ham tabrikladi.
“Mukofot aslida nima? Mukofot bu — avvalo inson qadrini ulug‘lash degani. Odamning mehnati qadr topsa, davlat va jamiyat tomonidan eʼtirof etilsa, bundan uning o‘zi, oilasi, do‘stlari, mahalla-ko‘y, qolaversa, el-yurt ham xursand bo‘ladi. Bizning maqsadimiz ham shu: halol va samarali ishlayotgan odamlarni qadrlash, izzat-ikrom ko‘rsatish”, dedi davlat rahbari.
Shundan so‘ng, mukofotlanganlarga faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi.
“Yaxshi ishlagan odam qadr topadi. Bugun halol mehnat, fidoyilik va vatanparvarlik yana bir marta qadr topayotgan kun. Bugungi yuksak unvonlar, orden va medallar sizlarni yangi zafarlarga chorlasin. Yurtimizda bunday insonlar qancha ko‘p bo‘lsa, men ham mukofotlashdan charchamayman”, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mukofotlanganlar yuksak eʼtibor uchun minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirish tadbiridan lavhalar
Izoh (0)