Xitoy oilalarni qo‘llab-quvvatlash va tug‘ilishni rag‘batlantirish bo‘yicha bolalarni parvarish qilish uchun davlat subsidiya tizimini joriy etmoqda. Bu haqda Sinxua axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 2025-yildan boshlab dastur doirasida oilalarga uch yoshgacha bo‘lgan har bir bola uchun yiliga 3,6 ming yuan (503 dollar) miqdorida to‘lov amalga oshiriladi.
Subsidiyalar yakka tartibdagi daromad solig‘idan ozod etiladi hamda yashash minimumini ta’minlash tizimi bilan qamrab olingan va kam ta’minlanganlar toifasiga kiritilgan oluvchilarni aniqlashda oilaviy yoki shaxsiy daromad sifatida hisobga olinmaydi.
2022-2024-yillarda tug‘ilgan bolalarning ota-onalari subsidiya olish uchun ariza topshirishlari mumkin. Mablag‘larni 20 milliondan ortiq oila olishi kutilmoqda.
Qayd etilishicha, 2024-yilda Xitoyda 9,5 million chaqaloq dunyoga kelgan, 10,9 million kishi vafot etgan. Mamlakat aholisi ketma-ket uchinchi yil kamayib bormoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, subsidiya miqdori juda kam bo‘lib, yaqin kelajakda tug‘ilish yoki iste’molga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi ehtimoldan uzoq, ammo dastur kelajakda uy xo‘jaliklarini yanada kengroq qo‘llab-quvvatlash uchun asos bo‘lishi mumkin.
BMT prognozlariga ko‘ra, 2050-yilga borib Xitoy aholisi soni 1,3 milliard kishigacha, 2100-yilga kelib esa 800 milliondan ham pastga tushishi mumkin. Bunday keskin pasayish bir qator omillar, jumladan, nikohlar sonining keskin kamayishi bilan bog‘liq. 2022-2023-yillarda bu ko‘rsatkich qariyb yarim asrdagi eng past darajaga yetdi.
Mart oyida Xitoy hukumati tug‘ilish darajasini oshirish maqsadida moliyaviy to‘lovlar va onalarga bepul sut berish orqali rag‘batlantirish choralarini ko‘rishga qaror qilgani xabar qilingandi.
Izoh (0)