Buyuk Britaniya agar Isroil G‘azo sektoriga insonparvarlik yordamini yetkazib berishni to‘xtatishda davom etsa va anklavdagi harbiy operatsiyani tugatmasa, sentyabrda BMT Bosh assambleyasi sessiyasi boshlanishidan oldin Falastin davlatini tan olishga tayyor. Bu haqda Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer devonxonasi bayonotida ma`lum qilindi.

“Biz ikki davlatning yonma-yon yashashi asosidagi yechimning hayotiyligini himoya qilishga qat’iy qaror qilganmiz. Shu sababli, agar Isroil hukumati G‘azodagi fojiali vaziyatni to‘xtatish uchun jiddiy qadamlar qo‘ymasa, Buyuk Britaniya sentyabrda Falastinni tan oladi”, deya ta’kidlanadi bayonotda.
Britaniya hukumati vakillarining aytishicha, London Isroildan BMT orqali gumanitar yordamni darhol qayta boshlashini, o‘t ochishni to‘xtatishga rozilik berishini, shuningdek, Iordan daryosining G‘arbiy qirg‘og‘idagi hududlarni qo‘shib olishdan rasman voz kechishini kutmoqda.
Agar bu talablar bajarilmasa, Buyuk Britaniya Falastinni davlat sifatida tan olish va BMT Bosh assambleyasida tegishli tashabbus bilan chiqish niyatida ekanligini bildirdi.
Bundan avval Birlashgan Qirollik bosh vaziri Kir Starmer X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan videomurojaatida Buyuk Britaniya G‘azo sektorida o‘t ochish to‘xtatilgandan so‘ng Falastin davlatini tan olishi mumkinligini ma’lum qilgandi.
Shuningdek, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron sentyabr oyida bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh assambleyasi sessiyasida mamlakat Falastin davlatini rasman tan olishini e`lon qilgandi.
Izoh (0)