AQSH prezidenti Jo Bayden Demokratik partiyaning birinchi debatdagi faoliyatidan norozi bo‘lgan va saylovdan chiqishni taklif qilgan a’zolarini avgust oyida bo‘lib o‘tadigan partiya qurultoyida prezidentlikka o‘z nomzodlarini ko‘rsatishga chaqirdi.
Siyosatchi, shuningdek, MSNBC telekanaliga bergan intervyusida “elitalar”ning uni kampaniyani to‘xtatishga majbur qilish istagidan juda xafa ekanligini aytgan.
Agar bu odamlardan biri meni saylovda qatnashmasligim kerak deb hisoblasa, menga qarshi turing. Prezidentlik saylovida o‘z nomzodingizni olg‘a suring, — deydi Bayden.
Amaldagi davlat rahbari munozarada muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyin saylovdan chetlatilishi mumkinligi haqidagi gaplardan g‘azablangani va hech qayerga ketmasligini ma’lum qilgan.
Demokratik partiyaning milliy qurultoyi 19—22-avgust kunlari Illinoys shtatining Chikago shahrida bo‘lib o‘tadi. Biroq Ogayo qonuni partiyalar shtat saylov byulleteniga kiritilishi uchun barcha nomzodlik hujjatlarini 7 avgustgacha — partiya qurultoyiga ikki hafta qolganda topshirishni talab qiladi. Shuning uchun Demokratik milliy qo‘mita Bayden nomzodini deyarli 21-iyuldayoq ko‘rib chiqishga qaror qilgan.
Avvalroq Bayden demokrat-kongressmenlarga maktub yo‘llab, unda ba’zilarining ommaviy chaqiriqlariga qaramay, o‘z nomzodini qaytarib olmasligini aytgan edi. Bayden o‘tgan praymeriz natijalarini saylovoldi poygasini tark etmaslik qarorining asosiy sabablaridan biri sifatida keltirgan. Bundan tashqari, AQSH prezidentining so‘zlariga ko‘ra, butun partiyadan faqatgina u Donald Trampni mag‘lub etishga qodir.
Izoh (0)