Rossiyada rus tilini bilish to‘g‘risidagi sertifikati haqiqiy emas, deb topilgan migrantlar mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin. Bu haqda “Rossiyskaya gazeta” xabar berdi.
Davlat dumasiga tegishli qonun loyihasini Leonid Slutskiy boshchiligidagi Rossiya Liberal-demokratik partiyasi (LDP) vakillari kiritgan. Agar migrantning vataniga ketishi uchun mablag‘i bo‘lmasa, u o‘z mamlakatining diplomatik vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi hisobidan deportatsiya qilinadi.
“Bizga faqat talab yuqori bo‘lgan, tilimiz va mamlakatimiz tarixini o‘rganishga harakat qilgan mutaxassislar kelishi lozim. Rossiyaga aldov yo‘li bilan kelib, jinoyatchilik bilan shug‘ullanayotgan va o‘ziga hujjatlar sotib olganlar byudjetimizga zarar yetkazmasdan zudlik bilan deportatsiya qilinsin”, dedi Slutskiy.
“Bizga faqat madaniy muhitga qo‘shilishga tayyor odamlar kelishi kerak. Bunda til ham asosiy rol o‘ynaydi. Bizga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan, lekin qadriyatlarni, an’analarni tushunadigan, rus tilini o‘rganishga va mamlakatimiz tarixini bilishga tayyor mutaxassislar kerak.
Migrantlarning farzandlari til bilmay maktabga qanday borishini ko‘ryapmiz, chunki ularning ota-onalari Rossiyaga aldov yo‘li bilan kirib, yarim qonuniy faoliyat olib bormoqda yoki mamlakatda qolish uchun hujjat sotib olgan. Ularni, albatta, deportatsiya qilish kerak. Ushbu migratsiyaning kulrang kanalini, shu jumladan, qonunchilik yo‘li bilan ham berkitish kerak”, deydi LDP deputati Vladimir Sipyagin.
“Til sertifikati — bu mamlakatimizda ishchi kuchi sifatida qonuniy bo‘lish uchun zarur shartdir. So‘nggi paytlarda mehnat migrantlariga sertifikat berish maqsadida rus tili, Rossiya tarixi va Rossiya Federatsiyasi qonunchilik asoslari bo‘yicha imtihonlarni soxta qabul qilish holatlari qayd etilmoqda. Bu yerda migrantlarni chiqarib yuborish emas, aynan sertifikat beruvchi institutlar ustidan nazoratni kuchaytirish kerak”, degan LDP deputati Jamaladin Gasanov.
Izoh (0)