Bugun, 26-iyulda O‘zbekistonning ayrim hududlarida havo harorati 40 darajadan yuqori ko‘tarildi.
26-iyul soat 14:00 holatiga Termiz shahrida 42,7 daraja, Qarshi shahrida 40,3 daraja issiq harorat kuzatilmoqda.
“O‘zgidromet” maʼlumotlariga ko‘ra, qator hududlarda havo harorati 38 darajadan oshgan. Xususan, shaharlardan Namanganda 39,1 daraja, Farg‘onada 38,8 daraja, Toshkentda 38,9 daraja, Samarqandda 38,7 daraja, Navoiyda 38,2 daraja issiq bo‘lmoqda.
Eng past harorat esa Nukus (30,8 daraja) va Urganch (31,7 daraja) shaharlarida kuzatilmoqda.
“O‘zgidromet” prognozlariga qaraganda, 29-iyulgacha O‘zbekiston bo‘ylab ob-havo juda issiq bo‘ladi. Respublika hududining katta qismida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari) havo harorati kunduz kunlari 40–43 darajagacha, janubda va cho‘l hududlarda 44–45 darajagacha ko‘tariladi.
Avvalroq Gidrometeorologiya ilmiy-tadqiqot instituti respublikada iyul va avgust oyi boshlarida anomal issiq havo kuzatilishini prognoz qilgandi. Institut olimlari tahlilida bunday g‘ayritabiiy harorat taʼsirida mintaqada termik depressiya (termal tushkunlik) vujudga kelishi ham qayd etilgan.
“Termik depressiya yozgi sinoptik jarayon bo‘lib, Markaziy Osiyoning janubi-sharqida past bosimli hududning paydo bo‘lishi, quruq jazirama issiq ob-havo bilan tavsiflanadi. Bu davrda Markaziy Osiyo tekislik hududlarida havo harorati 44–46 darajagacha, baʼzi hollarda 48 darajagacha issiq bo‘lishi mumkin. Termik depressiyaning davomiyligi 2–3 sutkadan 5–7 sutkagacha, baʼzi yillarda esa 1,5–2 haftagacha davom etishi kutiladi”, deyilgan 5-iyun kungi institut tahlilida.
Olimlar fikricha, so‘nggi paytlarda termik depressiya kuzatilgan davrda mintaqa mamlakatlarida qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot tarmoqlari hamda energetik tizimda kuchli zo‘riqishlar kuzatilmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi aholiga jazirama issiqdan saqlanish qoidalarini eslatdi. Vazirlik soat 10:00 dan 17:00 gacha salqin joylarda bo‘lishni, paxta matoli liboslar kiyishni, kuniga 3 litrdan kam bo‘lmagan miqdorda suyuqlik ichishni tavsiya qilgan. Kun davomida iliq dush qabul qilish, vaqti-vaqti bilan badanni sovuq suvda namlangan dastro‘mol bilan artib turish ham tanani haddan ziyod qizib ketishdan saqlashi taʼkidlangan.
Izoh (0)