Qirg‘iziston hukumati kompaniya va yuridik shaxslar nomida diniy so‘zlardan foydalanishni taqiqladi. Bu haqda mamlakat prezidenti Sadir Japarov matbuot xizmati xabar berdi.
27-iyun kuni “Qirg‘iziston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun mamlakatning bir palatali parlamenti — Jogorku Kenesh tomonidan qabul qilingan edi. 23-iyul kuni hujjat prezident tomonidan imzolangan.
Tadbirkorlik faoliyati uchun taqiqlangan diniy atamalar ro‘yxati Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Ustavida foyda olishni asosiy maqsad qilib qo‘ymagan diniy notijorat tashkilotlarga o‘z nomlariga bunday so‘zlarni kiritishga ruxsat beriladi.
Firma nomlarida dinga oid so‘zlarni qo‘llashni taqiqlash tashabbusi mart oyida Jogorku Kenesh deputati Marlen Mamataliyev tomonidan ilgari surilgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy piramidalar tashkilotchilari o‘z loyihalarini yanada jozibador qilish va auditoriyani kengaytirish uchun ko‘pincha o‘z nomlarida diniy atamalardan foydalanadilar.
Mamataliyev qonun loyihasi moliyaviy firibgarlikning oldini olishga qaratilgan ehtiyot chorasi sifatida xizmat qilishini qayd etgan.
Izoh (0)