Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning jiyani Ulan Japarov hibsga olingan. Bu haqda AKI Press nashri xabar berdi.
Manbada aytilishicha, Ulan Japarov yirik miqdordagi firibgarlikda gumon qilinib hibsga olingan. Endilikda 19-avgustga qadar 1-sonli tergov hibsxonasida saqlanadi.
Prezident jiyanining hibsga olingani haqidagi xabarni Pervomayskiy tuman sudi tasdiqlagan. Mazkur holat Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan tergov qilinayotgani aytilgan.
Manbaga ko‘ra, prezidentning jiyani bojxonadagi korrupsion sxemalarda ishtirok etganlikda ayblangan. Unga nisbatan qo‘zg‘atilgan sud ishi davom etayotgani, guvohlar so‘roq qilinayotgani maʼlum qilingan.
Ayblanuvchi Ulan Japarov ilk bor firibgarlik holati yuzasidan 2023-yilning yozida hibsga olingan va 1-sonli tergov hibsxonasiga joylashtirilgan. O‘sha yilning kuzida esa u hibsdan ozod qilinib, uy qamog‘iga tashlangan edi. Endi esa u yana qayta sudga olib kelingan.
Maʼlumot o‘rnida, Ulan Japarov Qirg‘iziston prezident Sadir Japarovning amakivachchasi Raqimjon Japarovning o‘g‘li hisoblanadi.
Izoh (0)