Reuters agentligida sakkiz yil ishlagan fotojurnalist Valeri Zink tashkilotni Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy jinoyatlarini oqlashda ayblab, vazifasini tark etdi. Bu haqda u o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilgan.

Zink Facebook’ka agentlikning yirtilgan guvohnomasi suratini joylashtirgan va Reuters materiallari 273 jurnalistning o‘limiga olib kelgan jazosizlik muhitiga hissa qo‘shayotganini ta’kidlagan.
U Isroil ularning ba’zilarini, xususan, “Pulitser” mukofoti sovrindori Anas al-Sharifni, hech qanday dalilsiz Falastinning HAMAS harakati bilan aloqadorlikda ayblaganini bildirgan.
Jurnalist agentlik rahbariyatining o‘z xodimlariga nisbatan loqaydligini ta’kidlagan. Ularning bir qismi 19-avgust kuni Isroilning G‘azodagi Nosir kasalxonasiga uyushtirgan hujumidan jabrlangan edi. Jurnalistning aytishicha, u Reuters press-kartasini taqib yurishdan or qiladi, chunki agentlik boshqa G‘arb OAVlari singari olingan ma’lumotlarni tekshirmasdan “Isroil targ‘iboti”ni tarqatmoqda.
Isroilning G‘azodagi Nosir kasalxonasi qabulxonasiga uyushtirgan hujumi oqibatida kamida 20 kishini qutqarib qolishning iloji bo‘lmadi. Hujum qurbonlari orasida jurnalistlar Muhammad Salam, Xusam Al-Masri, Muaz Abu Toh, Maryam Abu Dakk va Ahmad Abu Aziz ham bor.
Izoh (0)