AQSHning Rod Aylend shtatida deyarli 40 yil sudyalik qilgan va Caught in Providence (Providensda qo‘lga olinganlar) ko‘rsatuvi orqali dunyo bo‘ylab mashhur bo‘lgan sudya Frenk Kaprio 88 yoshida hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Uning ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalarida yozilishicha, Kaprio oshqozonosti bezi saratoniga qarshi uzoq va mardona kurashdan so‘ng vafot etgan. Bu mazmundagi postlar internetda 20-avgust kuni e’lon qilingan. U o‘tgan hafta Facebook’da qisqa video joylab, o‘zini biroz yomon his qilayotganini va yana shifoxonaga yotqizilganini bildirib, odamlardan uning haqqiga duo qilishini so‘ragan edi.
Kaprio sud zalini “mehr va rahm-shafqat hukmron bo‘lgan joy” sifatida ta’riflar edi. U ko‘pincha jarimalardan kechib yuborib, sudlanayotganlarga yaxshilik qilardi. Xususan, u bir safar o‘g‘lidan ayrilgan ayolning 400 dollarlik jarimasini bekor qilgan, boshqa bir vaziyatda esa soatiga atiga 3,84 dollar maosh oladigan barmenning qizil chiroqda o‘tib ketgani uchun solingan jarimasidan kechib yuborgan edi. O‘sha paytda Kaprio sud zalidagilarga murojaat qilib, shunday degan:
“Ovqatlanib bo‘lib, pulini to‘lamay chiqib ketmang. Chunki bunday qilgan odamning hisobini kun bo‘yi 3 dollarga ishlab yurgan bir bechora to‘laydi”.
Kaprio o‘z chiqishlarida adolat tizimidagi tengsizliklarga ham e’tibor qaratgan:
“Barchaga ozodlik va adolat” degan ibora adolatning hamma uchun teng bo‘lishini va birdek amal qilishini anglatadi. Ammo haqiqatda bunday emas. Kam ta’minlangan amerikaliklarning qariyb 90 foizi sog‘liqni saqlash, uyidan ko‘chirib yuborish, faxriylar nafaqasi va hatto yo‘l qoidabuzarliklari kabi muammolarni yolg‘iz o‘zi hal qilishga majbur.
Sudyaning oilasi uni “mehribon er, ota, bobo va do‘st” sifatida ta’riflaydi:
“U insonparvarligi, kamtarligi va odamlarning yaxshiligiga bo‘lgan ishonchi bilan millionlab odamlarning qalbidan joy olgandi”.
Rod Aylend gubernatori Den Maki esa uni shunday yodga oldi:
“Sudya Kaprio nafaqat xalq uchun xizmat qildi, balki odamlar bilan samimiy aloqada bo‘ldi. U sud zalida mehribonlik bilan adolatni uyg‘unlashtirib, bizga adolat insonparvarliksiz bo‘lishi mumkin emasligini isbotladi”.
Ma’lumot o‘rnida, Kaprio 2023-yilda Providence shahar sudidan nafaqaga chiqqan. U oddiy oiladan chiqqan bo‘lsa-da, butun umrini adolatni fuqarolarga adolatli tarzda qo‘llash bilan o‘tkazdi.
Izoh (0)