Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Buyuk Britaniya va AQSH hukumatlari tomonidan Qirg‘izistonning bir qator banklariga nisbatan kiritilgan sanksiyalarga izoh berar ekan, Qirg‘iziston moliya muassasalarining G‘arbning Rossiyaga qarshi sanksiyalarini chetlab o‘tishda ishtiroki haqida birorta ham dalil yo‘qligini ta’kidladi. Bu haqda u Kabar milliy axborot agentligiga bergan intervyusida bildirgan.

“Buyuk Britaniya hukumati ‘Markaziy Osiyo kapital banki’ga nisbatan sanksiyalar kiritilgani haqida xabar berdi. Bunga sabab sifatida ushbu moliya muassasasi go‘yoki G‘arb davlatlarining Rossiyaga qarshi kiritgan sanksiyalarini chetlab o‘tishga ko‘maklashishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Yanvar oyida AQSH ‘Keremet Bank’ni sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etishi mumkinligini aytib, unga qarshi cheklovlar joriy etgan edi. Biroq ular biror-bir qoidabuzarlik faktini ko‘rsata olmadi. Ko‘rsata olmaydi ham, chunki bunday faktlar yo‘q va bo‘lmagan”, dedi Japarov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda Qirg‘izistonda 21 ta bank faoliyat yuritmoqda. Xatarlarni kamaytirish uchun faqat davlat “Keremet Banki” Rossiya rubli bilan ishlashiga qaror qilingan. Barcha operatsiyalar davlat nazorati ostida bo‘lib, foyda davlat byudjetiga tushadi.
“Endi AQSH ‘Keremet Bank’ka qarshi sanksiyalar qo‘llaganidek, Angliya ham ‘Kapital Bank’ka qarshi cheklovlar kiritmoqda. Va yana hech qanday faktlar yo‘q, faqat shubhalar”, dedi prezident.
“Men ushbu mamlakatlarning oliy rahbariyatiga, Donald Tramp va Kir Starmerga murojaat qilmoqchi edim. Balki ularga ma’lumot yetib bormayotgandir. Iqtisodiyotni siyosiylashtirish to‘g‘ri emas”, dedi u.
Japarov Qirg‘iziston ko‘p yo‘nalishli siyosat yuritayotgani va G‘arb davlatlari bilan iqtisodiy sohada hamkorlik qilayotganini eslatgan. Xususan, Buyuk Britaniyaga oltin eksportining yillik hajmi qariyb bir milliard dollarni tashkil etadi. Uning fikricha, bu holatda Qirg‘izistonga nisbatan bunday munosabatni adolatli deb bo‘lmaydi.
Prezidentning ta’kidlashicha, agar shubha tug‘ilsa, xorijiy hamkorlar ma’lumotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri so‘rashi mumkin, chunki bank barcha ma’lumotlarni ochiq taqdim etishga tayyor.
Uning aytishicha, Qirg‘iziston banklari asosan Rossiyada ishlayotgan vatandoshlarning pul o‘tkazmalariga xizmat ko‘rsatadi.
“Men har doim aytganman va yana bir bor takrorlayman: biz xalqaro majburiyatlarga rioya qilishga tayyormiz. Biz ularga amal qildik, amal qilmoqdamiz va bundan keyin ham amal qilamiz. Ammo men fuqarolarimiz manfaatlari va mamlakatning savdo-iqtisodiy rivojlanishini yo‘qqa chiqarishga yo‘l qo‘ymayman”, deydi Japarov.
Izoh (0)