Yevropa yetakchilari Vladimir Zelenskiy va Donald Tramp o‘rtasidagi muzokaralarni konstruktiv yo‘sinda o‘tkazishga erishdi. Biroq ular Rossiya bilan muzokaralarni boshlash uchun zarur bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish sharti ustida mahkam turmadi. Mutaxassislarning fikricha, bu masalaga Trampning pozitsiyasi hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda DW nashri yozdi.
Yevropada yoz Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy va Rossiya yetakchisi Vladimir Putin o‘rtasidagi ehtimoliy ikki tomonlama uchrashuvga tayyorgarlik doirasida diplomatik faollik bilan o‘tmoqda.

Bu uchrashuvdan so‘ng AQSH ishtirokida uch tomonlama sammit o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Vashingtondagi muzokaralar yakunida esa ko‘ngillilar koalitsiyasiga kiruvchi davlatlar rahbarlari onlayn maslahatlashuv o‘tkazdi. 19-avgust kuni esa Yevropa Ittifoqi prezidentlari va hukumat rahbarlari AQSHdagi muzokaralar natijalari yuzasidan videokonferensiya o‘tkazdi.
“Biz Qo‘shma Shtatlar bilan birgalikda aniq va zarur xavfsizlik kafolatlari ustida ishlaymiz. Prezident Zelenskiy va AQSH bilan birga adolatli va barqaror tinchlikka erishish uchun keyingi qadamlarni tayyorlaymiz”, deb yozgan Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta ijtimoiy tarmoqlarda. Shuningdek, Koshta Yevropa davlatlari Ukrainaga yordamni davom ettirishini va Rossiyaning bosimiga qarshi birgalikda kurashishga qat’iy bel bog‘langanini ta’kidladi.
Slovakiyaning GLOBSEC tahliliy markazining mudofaa bo‘yicha ilmiy xodimi Rojer Xiltonning aytishicha, Ukraina Vashingtonda o‘tkazilgan uchrashuvlarda o‘z manfaatlarini himoya qila olgan.
“Ukraina delegatsiyasi o‘zining asosiy manfaatlarini Vashingtonda himoya qildi, deb hisoblash mumkin. Chunki urushni imkon qadar tezroq yakunlashga bo‘lgan bosimga qaramay, Ukrainani hozircha Rossiya nazorat qilmayotgan hududlarni topshirishga, Qirimni Rossiya hududi sifatida tan olishga va NATO a’zoligidan ochiqchasiga voz kechishga majbur qilishmadi”.
Xiltonning aniqlik kiritishicha, Ukraina xavfsizlik kafolatlarini olish uchun sezilarli yutuqqa erishdi.
“Putin bilan istalgan tinchlik muzokaralarini o‘tkazish sezilarli va mustahkam xavfsizlik kafolatlarini talab qiladi. Tramp ma’muriyati bu borada Ukraina uchun ijobiy qadam tashladi, buni yutuq deb hisoblash kerak”, degan ekspert.
Shu bilan birga, Kiyev va Bryussel talab qilganidek Rossiya bilan muzokaralarni boshlashning asosiy sharti bo‘lgan o‘t ochishni to‘xtatish masalasi Vashington tomonidan qo‘llab-quvvatlanmagan.
“Tramp Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatadigan keng qamrovli bitimga e’tibor qaratmoqda. U endi o‘t ochishni to‘xtatishni buning majburiy sharti deb hisoblamayapti”, degan Rojer Xilton.
Bryusseldagi Yevropa siyosati markazining xavfsizlik va mudofaa bo‘yicha siyosiy tahlilchisi Yuray Maychinning ta’kidlashicha, Vashingtondagi sammitning asosiy ijobiy jihati shundaki, unda Zelenskiy va Tramp o‘rtasida fevral oyida yuz berganiga o‘xshash to‘qnashuv bo‘lmadi.
“Mening fikrimcha, amalda juda kam natijaga erishildi”, degan Maychin.
Uning bildirishicha, sammit davomida Zelenskiy va Yevropa yetakchilari Trampni o‘t ochishni to‘xtatish g‘oyasiga qaytarishga ko‘ndirishi kerak edi.
“Chunki bu prinsipdan voz kechish katta xato bo‘ldi. Bu Vladimir Putinning foydasiga ishladi. Endi u deyarli hech qanday qo‘shimcha sanksiyasiz Ukrainaga qarshi tajovuzini davom ettirishi mumkin”, deya ogohlantirgan ekspert.
Maychin eslatib o‘tdiki, dastlab ko‘ngillilar koalitsiyasi o‘t ochishni to‘xtatish va uning bajarilishini nazorat qilishni talab qilgan edi.
“Keyin esa Tramp keskin burilish qildi. Endi biz tinchlik kelishuvi va xavfsizlik kafolatlari haqida gapira boshladik. Bu jarayon Vashington tomonidan muvofiqlashtiriladi, biroq kafolatlarni yevropaliklar taqdim etadi”, degan tahlilchi. Shuningdek, Yuray Maychin Trampning muzokaralarda nomuvofiqligi va Yevropaning passiv roli katta muammo bo‘lishini aytdi. Putin buni G‘arbning qat’iyroq reaksiyasidan qochishning navbatdagi usuli sifatida ko‘rayotganini ta’kidladi.
Rossiyaning Ukrainaga kelajakda yana hujum qilishining oldini olish uchun xavfsizlik kafolatlari masalasi urushni yakunlashdagi asosiy shartlardan biri bo‘lib qolmoqda. Biroq tahilchi Rojer Xiltonning fikricha, “Ukraina tinchlik shartnomasini imzolagan taqdirda aniq xavfsizlik kafolatlarini oladimi yoki faqat ikkinchi Budapesht memorandumi bilan cheklanib qoladimi — bu haqida gapirishga hali erta”.
Trampning Ukraina uchun kafolatlar asosan Yevropa tomonidan taqdim etilishi, AQSH esa faqat muvofiqlashtiruvchi rol o‘ynashini aytgan bayonotini inobatga olgan holda, ekspert buni shunday baholaydi: “Ehtimol, Ukrainaga ishonchli himoya berilmaydi”.
Vashingtonda Tramp va Zelenskiy uchrashuvi chog‘ida olti yevropalik yetakchining ishtiroki birlik muhitini yaratdi. Biroq bu oxir-oqibat tinchlikka olib keladigan birlik emas, deb hisoblaydi Yevropa siyosati markazi vakili Yuray Maychin.
Uning fikricha, “Rossiyani muzokaralarga undash taktikasini yevropaliklar g‘alaba deb bilmasliklari kerak, chunki ular faqat kelajakda mumkin bo‘lgan tinchlik bitimi uchun xavfsizlik kafolatlarini tayyorlash bilan shug‘ullanyapti. Biroq bu unchalik samarali emas”.
Analitikga ko‘ra, Yevropa hozircha Ukrainaga yordam bera oladigan real mexanizm ishlab chiqqani yo‘q. Faqat so‘zlar va bo‘lajak tinchlik kelishuvi haqida o‘zlarini ovutadigan tasavvurlar bor, xolos.
Rojer Xilton esa Yevropaning muzokara jarayonidagi ishtirokini muhim deb hisoblaydi. Uning fikricha, bu ikki sababga ko‘ra ahamiyatlidir:
1. Ukrainaliklarga ular yolg‘iz qoldirilmaganini ko‘rsatadi;
2. Qit’aning o‘z mudofaasi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olishga tayyor ekanini namoyish etadi.
“Garchi yevropaliklar o‘t ochishni to‘xtatish masalasida ustunlikka erisha olmagan bo‘lsalar-da, ular Ukrainaga muzokara stolida muhim o‘rin ta’minlab berdi. Putinning xohishlariga qaramay, Yevropa shunday bo‘lib qoladi”, degan ekspert.
Xiltonning xulosa qilishicha, Yevropa o‘z mudofaa-sanoat bazasini mustahkamlagan sayin, Ukraina ham kuchayadi. Hozirda Bryussel va Kiyev Rossiya Ukrainani qo‘rqitishi yoki undan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun simmetrik tarzda harakat qilmoqda.
Izoh (0)