Bugungi kunda aksariyat brendlar reklama uchun televideniyega emas, instablogerlarga murojaat qiladi. Qisqa videolar, vaynlar, millionlab auditoriya — bu usul ko‘proq mijoz olib keladi. Biroq mashhurlik bilan birga narx ham oshib boradi. O‘zbekistonda tanilgan vayner va blogerlarning reklama xizmati uchun qancha haq so‘rashini bilasizmi?
Bobur Mansurov

Bobur Mansurov mahsulotingizni stories’ida reklama qilib berishi narxi 2 000 dollar. Post, ya’ni reels esa 7 000 dollar — bunday videoda Bobur Mansurovning butun jamoasi ishtirok etadi. Video bonus sifatida TikTok va YouTube platformalaridagi sahifalarga ham joylab beriladi va Instagram’da reklama beruvchining sahifasi bilan kollaboratsiya qilinadi.
Mitti.me (Ulug‘bek Shodibekov)

Mitti.me nomi bilan mashhur bloger Ulug‘bek Shodibekovning ham stories reklamasi narxi 2 000 dollar. Reels esa 7 000 dollarga baholangan. Reklamada Mitti.me jamoasi to‘liq ishtirok etadi, ammo video reklama beruvchining profili bilan kollaboratsiya qilinmaydi.
Abduvali Sahiyev

Sakhiyev nomi bilan vayn suratga oladigan Abduvali Sahiyevning stories reklamasi haqqi 1 200 dollar. Posti esa 6 000 dollarga baholangan. Unda Sahiyev jamoasi to‘liq tarkibda suratga tushadi va video reklama beruvchining sahifasi bilan kollaboratsiya qilinadi.
Dili.me (Dilshod Nazarov)

Dili.me taxallusi bilan tanilgan Dilshod Nazarovning stories reklamasi narxi 1 500 dollar. Reels narxi esa 5 000 dollar etib belgilangan. Unda Dili.me jamoasi to‘liq suratga tushadi. Video reklama beruvchining profili bilan kollaboratsiya qilinishi uchun qo‘shimcha haq to‘lanishi kerak.
Zebiniso Rahimova

Zebiniso Rahimova brendingiz haqida ma’lumot berib, stories’iga joylab berishi narxi 600 dollar. Jamoasi bilan vayn suratga olib, faqat stories’ga qo‘yib berishi esa 1 000 dollar. Vaynni reelsga joylashi 5 000 dollarni tashkil etadi. Video reklama beruvchining profili bilan kollaboratsiya qilinadi va Zeboning sahifasida 3 oygacha turadi.
Shahlo Alijonova

Shahlo Alijonovaning stories uchun reklama olib berishi bahosi 1 000 dollar. Vayn sifatida suratga olib postga joylashi esa 4 000 dollarni tashkil etadi. Video reklama beruvchining sahifasi bilan kollaboratsiya qilinadi.
Feruza Yusupova

Aktrisa, instabloger Feruza Yusupovaning reklamangizni suratga olib, stories’ga joylab berishi uchun 1 000 dollar to‘lashingiz kerak. Reels narxi esa 4 000 dollarni tashkil etadi. Video reklama beruvchining sahifasi bilan kollaboratsiya qilinadi.
Ozod Shukurulloyev

Qiziqchi Ozod Shukurulloyevning stories uchun reklama narxi 800 dollar etib belgilangan. Postni esa 4 000 dollarga sotib olishingiz mumkin. Bunda Ozod Shukurulloyev jamoasi, ya’ni rafiqasi bilan oilaviy suratga tushib beradi. Video reklama beruvchining sahifasi bilan kollaboratsiya qilinadi va 3 oygacha o‘chirilmaydi. Bloger qachon-ki shu turdagi boshqa bir firmaning “brend yuzi” bo‘lsa, shundagina reklamangiz uning profilidan o‘chiriladi.
Feruza Normatova

Aktrisa va bloger Feruza Normatovaning stories uchun reklama olib berish narxi 700 dollar. Reklamani vayn sifatida suratga olib, postga joylab berishi bahosi 4 000 dollar. Belgilangan narxning bir qismi oldindan to‘lanishi kerak. Video reklama beruvchining sahifasi bilan 3 oy kollaboratsiya bo‘lib turadi.
Bonamur (Umida Abdug‘afforova)

Instagram’da Bonamur nomi bilan tanilgan bloger Umida Abdug‘afforova stories reklamasi narxi 800 dollar etib belgilagan. Vayn ko‘rinishida videopost joylab berishi uchun esa 3 500 dollar kerak bo‘ladi. Video reklama beruvchining profili bilan kollaboratsiya qilinadi.
Xonzoda Qambarova

Instagram’da Xanna nomi bilan mashhur Xonzoda Qambarovaning storiesga reklama olib berishi narxi 500 dollar. Reels esa 3 000 dollarga baholangan — unda Xonzodaning jamoasi ishlaydi, professional kamerada suratga olinadi, vayn g‘oyasi o‘ylab chiqiladi va reklama beruvchi bilan kollaboratsiya qilinadi. Bonus sifatida stories reklama ham qo‘yib beriladi va video kamida 6 oy—1 yilgacha o‘chirilmaydi.
Bonu Ikromova

Mitti.me jamoasi a’zosi Bonu Ikromovaning o‘zi brendingizni reklama qilib, stories’iga joylab berishi narxi 500 dollar. Reels ko‘rinishidagi video uchun 1 500 dollar haq to‘lanadi.
Izoh (0)