Rossiyaning “Rubin” klubida harakat qilayotgan o‘zbekistonlik markaziy himoyachi Rustam Ashurmatov faoliyatini Eronning “Istiqlol” jamoasida davom ettirishi mumkin. Varzesh3 nashrining xabar qilishicha, tomonlar shartnoma imzolash arafasida turibdi.

Tehron klubi futbolchini markaziy himoyani mustahkamlash maqsadida jalb qilmoqchi. U Saman Fallah bilan birga markazning asosiy juftligi sifatida ko‘rilmoqda. Manbaga ko‘ra, futbolchi va Tehron klubi 2 yillik shartnoma borasida kelishuvga erishgan. “Istiqlol” “Rubin” jamoasining Ashurmatov uchun so‘rayotgan 500 ming yevro miqdoridagi summani to‘lashga tayyor ekanligini bildirgan.
Rustam Ashurmatov ilgari O‘zbekiston va Janubiy Koreya klublarida faoliyat yuritgan. 2023-yil yanvar oyidan beri Qozon klubida o‘ynab kelmoqda.
Agar ushbu transfer amalga oshsa, Ashurmatov “Istiqlol” tarixidagi ikkinchi o‘zbekistonlik legionerga aylanishi mumkin. Hozirda O‘zbekiston terma jamoasining yana bir a’zosi Jaloliddin Masharipov ham Eron klubi safida o‘ynab kelmoqda.
Ma’lumot uchun, Ashurmatov o‘tgan mavsum “Rubin” safida 21 uchrashuvda maydonga tushgan. Uning Qozon klubi bilan shartnomasi 2026-yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali himoyachining qiymatini 600 ming yevroga baholagan.
Izoh (0)