2025-yil 25–26-iyun kunlari Gollandiyaning Gaaga shahrida navbatdagi NATO sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit rasmiy hujjatlardan tashqari, go‘yo butunlay bitta inson — AQSH prezidenti Donald Tramp uchun tashkillashtirilgandek taassurot qoldirdi. Hatto, ayrim ekspertlar bu sammitni “Tramp sammiti” deb atay boshladi.
Quyidagi maqolada NATO sammiti doirasida ko‘tarilgan mavzular va muhim qarorlar haqida so‘z yuritiladi.
Mudofaa xarajatlarni 5 foizga oshirish
Sammitda qabul qilingan eng muhim qarorlardan biri — NATOga a’zo davlatlarning 2035-yilgacha mudofaa va xavfsizlik xarajatlari uchun har yili ajratiladigan yalpi ichki mahsulot (YIM)ning foizini 3,5 foizdan 5 foizga ko‘tarish majburiyatini olishi bo‘ldi.
Kelishuvga ko‘ra, Alyansga a’zo davlatlar kelasi 10 yil davomida mudofaa xarajatlarini 5 foizgacha oshiradi. 2035-yilga borib har bir a’zo davlat yalpi ichki mahsulotining kamida 3,5 foizini asosiy mudofaa xarajatlariga, shuningdek, xavfsizlik infratuzilmasiga tegishli investitsiyalarga esa eng ko‘pi bilan 1,5 foizini yo‘naltiradi.
Ma’lumki, AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik davri (2017—2021)dan buyon NATO davlatlari mudofaa xarajatlarini oshirishi kerakligini bot-bot gapirib keladi.
Tramp ikkinchi bor prezidentlikka saylangach, uning administratsiyasi Yevropa davlatlari Qo‘shma Shtatlarga haddan ziyod bog‘lanib qolganini aytib, mintaqa endi o‘z xavfsizligi uchun o‘zi mablag‘ ajratishi kerakligini bildirgan edi. Hatto, Amerika Yevropadagi harbiylari sonini keskin qisqartirish masalasini ko‘targandi.

Shu tufayli NATO bosh kotibi Mark Rutte Gaagadagi sammitga qadar bir necha oy davomida Alyansga a’zo barcha davlatlarni AQSH talab qilayotgan 5 foizlik majburiyatga ko‘ndirish uchun harakat qildi.
Lekin Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches mamlakati bunday majburiyatni zimmasiga olishni qat’iyan rad etishini e’lon qildi. Sammit boshlanishidan bir necha kun oldin bu kichik mojaroga yechim topildi. Natijada yakuniy deklaratsiya matni o‘zgartirildi va bu Ispaniyani 5 foizlik majburiyatdan ozod qildi.
Donald Tramp esa matbuot anjumanida keskin bayonotlar bilan chiqdi. U Ispaniyani “to‘lashdan bosh tortayotgan yagona davlat”, deb atadi. “Ular sharmandali ish qilishdi deb hisoblayman”, dedi Tramp.
Shu bilan birga, Tramp agar Ispaniya murosaga kelmasa, AQSH bunga savdo bitimlari bo‘yicha muzokaralarda tariflarni oshirish orqali javob berishini aytib tahdid qildi.
Umuman olganda, NATOga a’zo davlatlarning YIM hisobidan mudofaa va xavfsizlik uchun ajratadigan xarajatlarini 5 foizga oshirishi — bu AQSHning talabiga mos tushdi va Tramp uchun muhim siyosiy g‘alaba bo‘ldi.
Tramp bu orqali AQSHning moliyaviy yukini yevropaliklar bilan bo‘lishish masalasida o‘z pozitsiyasini yana bir bor kuchaytirdi. Ammo bu majburiyatlar Ukrainadagi urush manzarasida berilganiga e’tibor qaratilsa, asosiy e’tibor Rossiyadan xavfsizlikni ta’minlash emas, Trampning ichki siyosiy pozitsiyasini mustahkamlash bo‘lgandek taassurot qoldiradi.

Skoukroft strategiya va xavfsizlik markazi katta ilmiy xodimi hamda AQSH mudofaa vazirligining Yevropa va NATO siyosati bo‘yicha sobiq o‘rinbosari — Yan Bjezinskiy xarajatlarni oshirish bo‘yicha quyidagicha fikr bildirib o‘tgan:
“NATO davlat rahbarlarining har yili yalpi ichki mahsulotning kamida 5 foizini ‘mudofaa ehtiyojlari hamda mudofaa va xavfsizlik bilan bog‘liq xarajatlar uchun’ ajratish majburiyati, ayniqsa, Yevropa davlatlarining harbiy salohiyatini sezilarli darajada oshirishni va’da qilmoqda. Ushbu va’daning bajarilishi NATOning Rossiya tajovuzini jilovlash bo‘yicha yangi mintaqaviy mudofaa rejalari hayotga tatbiq etilishida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Bu AQSH prezidenti Donald Tramp va butun Alyans uchun yaqqol yutuq bo‘ldi.
Biroq AQSHning Yevropa xavfsizligiga kelajakdagi sodiqligi borasida aniq tushuncha berilmadi. AQSH sammit yakunida qabul qilingan kommyunike (ya’ni rasmiy bayonot)dagi ‘Vashington shartnomasining 5-moddasida mustahkamlangan kollektiv mudofaani ta’minlash borasidagi so‘nmas sadoqat’ ifodalariga rozi bo‘lgan bo‘lsa-da, Tramp Amerikaning Yevropadagi harbiy kuchlar pozitsiyasi bo‘yicha kelajak rejalari haqida deyarli hech narsa aytmadi.
Uning yanvar oyida inauguratsiyasidan beri ma’muriyati AQSHning Yevropadagi qo‘shinlari sonini kamaytirish va e’tiborni Indo—Tinch okeani mintaqasi hamda G‘arbiy yarimsharga qaratish niyati borligini bir necha bor ma’lum qilgan. Bunday katta qisqartish NATOning yangi mintaqaviy mudofaa rejalarining asosini tashkil etuvchi ittifoqchi kuchlar majburiyatlarining taqsimlanishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, degan mutaxassis.
“Tramp sammiti”
Gaagadagi sammitdan oldinroq AQSH davlat kotibi Marko Rubio NATOga a’zo davlatlarining har yili o‘tkaziladigan uchrashuvini “Tramp sammiti” deb atashni taklif qilgan edi.
Marko Rubio haq bo‘lib chiqdi. Gaagadagi tadbir bir necha oy davomida nihoyatda puxta tayyorlangan bo‘lsa-da, go‘yo yagona maqsad — AQSH prezidenti Donald Trampni mamnun qilishga qaratilgandek taassurot qoldirdi.
Ayniqsa, NATOga a’zo davlatlarning YIM hisobidan mudofaa va xavfsizlik uchun ajratadigan xarajatlarini 5 foizga oshirish qarori — AQSH prezidentini bag‘oyat xursand qildi. Hatto, Tramp sammit natijalaridan juda mamnun ekanini yashirmadi.
NATO bosh kotibi Mark Rutte Amerika rahbarini maqtovlarga ko‘mib tashladi. NATO yetakchilari yig‘ilishi arafasida AQSH prezidenti bosh kotib yuborgan shaxsiy xabarni ommaga ko‘rsatdi.
Unda bosh kotib Trampga “azizim Donald” deb murojaat qilib, shunday yozgan edi: “Siz o‘n yillab hech bir amerikalik prezidentga nasib etmagan yutuqlarga erishasiz”.
Albatta, Yevropa mamlakatlari bunday mulozamat bilan Trampning ko‘nglini olish, NATOga nisbatan salbiy munosabatini yumshatish va Qo‘shma Shtatlarning transatlantik xavfsizlikdagi o‘rnini saqlab qolishga harakat qilgan bo‘lishi mumkin.

Ukraina masalasi
Gaagadagi sammit aynan Rossiyaning Ukrainaga nisbatan urush harakatlarini kuchaytirgan bir pallaga to‘g‘ri keldi. Shunga qaramay, sammitda Ukraina masalasi ikkinchi darajaga tushirildi. Zelenskiy faqat rasmiy tadbirlarga taklif qilindi, umumiy sessiyalarda esa yetakchi rolga ega bo‘la olmadi. NATOning yangi Rossiyaga qarshi strategiyasi esa AQSH bosimi ostida kechiktirildi.
Bu galdagi NATO sammitida Ukraina borasida shov-shuvli bayonotlar yangramadi. Ammo sammitning yakuniy natijalari Kiyev kutganidan ancha ijobiy bo‘lib chiqdi. Ya’ni Ukraina amalda NATO byudjetiga kiritildi.
Gap shundaki, Yevropa davlatlari Ukrainaga ajratayotgan harbiy yordam va mudofaa salohiyatini oshirish uchun qilayotgan xarajatlarini endilikda NATO hisobidan amalga oshiriladi.
Bu esa Kiyevga nazariy jihatdan Rossiyaning unga qarshi olib borayotgan urushini moliyalashtirishda muhim moliyaviy tayanch manbasiga ega bo‘lish imkonini beradi.
Ukraina uchun ikkinchi yutuq — bu yakuniy kommyunike juda qisqa bo‘lsa-da, shunga qaramay unda NATOning Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga sodiqligi yana bir bor tasdiqlangani bo‘ldi.
Bundan tashqari, NATO kommyunikesida Rossiya bevosita “uzoq muddatli tahdid” sifatida ko‘rsatildi.
Siyosatshunos Muxtor Nazirov bu masalada o‘z fikrini “Daryo” jurnalistiga bildirar ekan, bu qaror Rossiya umumiy Yevropa uchun tahdid sifatida ko‘rilayotganini anglatishini aytib o‘tdi.
“NATO davlatlari va Ukrainaning yutug‘i — Rossiyani Yevropa uchun asosiy xavf manbai sifatida e’tirof etilishi bo‘ldi. Nazarimda, Yevropa mamlakatlarining harbiy xarajatlarni oshirishi, qurollanish va harbiy texnikalarni standartlashtirish aslida kimga qarshi qaratilgani oydinlashdi. Ya’ni Yevropa mamlakatlarida ‘Rossiya strategik xavf va uni tiyib turish uchun qurollanish zarur’, degan qarash shakllandi.
Bu yerda Donald Tramp tomonidan Yevropa mamlakatlariga ma’lum yon berishlar bor. Chunki u Putin bilan kelishish mumkinligini bot-bot aytib kelayotgan edi. Lekin shunga qaramay, u yakuniy kommyunikega imzo chekdi”, dedi u.

Zelenskiy va Tramp uchrashuvi
Tramp 25-iyun kuni NATOning Gaagadagi sammitidan so‘ng Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Trampning aytishicha, ular Rossiya va Ukraina o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish masalasini muhokama qilmagan. Faqat vaziyat qandayligini bilgan.
“Uchrashuvdan shuni angladimki, Zelenskiy urushning tugashini istaydi. Men esa Putin bilan gaplashishim kerak. Uni yakunlay olamizmi — ko‘ramiz. O‘tgan haftada qariyb yetti ming ukrainalik va rossiyalik harbiy halok bo‘lgani haqiqatan dahshat”, degan Tramp.
Zelenskiy esa Tramp bilan Ukraina shaharlarini himoya qilish uchun Patriot havo mudofaa tizimlarini xarid qilish va dronlarni birgalikda ishlab chiqarish imkoniyatini muhokama qilganini bildirgan. Shuningdek, u Trampga Istanbulda Rossiya delegatsiyasi bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar, asirlar va halok bo‘lganlar almashinuvi haqida ma’lumot bergan.
“Biz jang maydonidagi vaziyatni muhokama qildik. Putin aniq g‘alaba qozonmaydi. Prezidentga bu yerda ro‘y berayotgan voqealar haqida faktlarni taqdim etdim”, degan Zelenskiy.

Muxtor Nazirov Zelenskiy va Tramp uchrashuvini sharhlar ekan, bunday muloqot orqali Ukraina AQSHni yana vositachi roliga qaytarmoqchi ekanini ta’kidladi.
“Ukraina bunday uchrashuvlar bilan Trampni ‘o‘yinga’ qaytarmoqchi. Boisi, oxirgi vaqtlarda Tramp tomonlar muzokara o‘tkazishni istamayotganini aytib, vositachilik pozitsiyasidan chekingan edi. Lekin kechagi Amerika yetakchisining so‘zlaridan anglash mumkin-ki, u Ukraina tinchlikka intilayotganini tushungan. Tramp Putin bilan yana bir bor gaplashib ko‘rishini aytdi. Endi u Putindan ham shunday pozitsiya kutadi.
Hozir Donald Trampda Eronga zarba berilganidan so‘ng unda ko‘tarinki ruh mavjud. Chunki u o‘zini dunyoga ko‘rsatib qo‘ydi. Agar Rossiya muzokaraga intilmasa, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga ma’lum bir turdagi qurol yetkazib berishi yoki Moskvaga qarshi iqtisodiy sanksiyalar joriy qilishi mumkin”, deydi siyosatshunos.
Darhaqiqat, Gaagadagi Trampning chiqishlarida Putinga nisbatan ritorika ancha keskinroq bo‘ldi, Zelenskiyga nisbatan esa bunday ohang kuzatilmadi. AQSH prezidenti Vladimir Putinni “yo‘ldan adashgan odam” deb atadi va boshqa bir joyida esa “Vladimir Putin urushni tugatishi kerak”, deya gapirgan.
Matbuot anjumanida BBC jurnalisti AQSH prezidentiga “AQSH Ukrainaga Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlarini sotishga tayyormi”, deb savol berdi.
“Siz hozir Ukrainada yashayapsizmi?”, deb so‘radi Tramp jurnalistdan.
“Erim u yerda, men esa bolalar bilan Varshavada yashayapman. Bu uning xohishi edi,” deb javob berdi u.
“Eringiz hozir harbiyda xizmat qilyaptimi?”, dedi Tramp sezilarli darajada hayajonlanib. Ijobiy javobni eshitgach, u shunday dedi:
“Ukraina Patriot raketa tizimlariga ega bo‘lishni juda xohlaydi. Biz ularning ba’zilarini yetkazib bera olamizmi, ko‘ramiz. Ularni olish juda qiyin. Bizning o‘zimizga ham ular kerak. Ularni Isroilga ham yetkazmoqdamiz va ular juda samarali. Sizga katta omad tilayman. Eringizga salom ayting”
Patriot havo mudofaa tizimi — dunyodagi eng ilg‘or tizimlardan biri hisoblanadi. Kiyev Amerikadan bepul emas, balki Yevropa hamkorlari yordamida xarid qilishni istayotgan qurollar ro‘yxatiga kiradi. Zelenskiy bir necha hafta oldin AQSHga kerakli texnika ro‘yxati yuborilganini aytgan edi. Ammo Vashington Ukraina rahbarining so‘roviga hech qanday javob bermadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ushbu sammit Alyansning barcha a’zolari tashkilot ichidagi eng kuchli a’zo hisoblanmish AQSHning siyosiy irodasiga qaramligini va faqat murosa asosida u bilan kelishish mumkinligini namoyish etdi.
Izoh (0)