O‘zbekistonda bir yil ichida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilar 400 ming kishiga ko‘paygan. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov joriy yil 3-iyunda parlamentdagi chiqishida maʼlum qildi.

Jamshid Qo‘chqorovning aytishicha, nolegal ish o‘rinlarini rasmiylashtirish samarasini bermoqda.
“O‘tgan yilda norasmiy ish o‘rinlarini legallashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilishi va iqtisodiy faollik oshishi natijasida jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lovchilari soni 2023-yilga nisbatan 400 mingga ko‘paydi va 6,3 millionga yetdi”, dedi hukumat rasmiysi.
Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Mubin Mirzayev bir necha yil oldin “Daryo”ga bergan intervyusida norasmiy bandlikni qisqartirish bo‘yicha rejalarni aytgandi. O‘shanda O‘zbekistonda 14 mln nafardan ortiq mehnatga layoqatli fuqaro borligi, shundan ish haqi va daromad oladiganlari 7 mln kishiligi ochiqlangan. Migrantlar soni esa 3 mln nafardan yuqoriligi maʼlum qilingan.
“Biz qolgan 4 million kishi faoliyatini legallashtirishimiz kerak”, degan Mubin Mirzayev.
Soliq qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili jismoniy shaxslardan olinadigan 12 foizli daromad solig‘idan byudjetga 35,4 trln so‘m tushgan. Bu yillik soliq tushumlarining (199 trln so‘m) 18,3 foiziga teng.
Izoh (0)