Bugun poytaxtda strategik rejalashtirish va davlat siyosatini muvofiqlashtirish sohasida salohiyatni oshirishga qaratilgan seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Strategik islohotlar agentligi, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti hamda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) tomonidan Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ko‘magida tashkil etildi.

Seminarda Strategik islohotlar agentligi direktori Bahodir Rahmatov, Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti direktori o‘rinbosari Vositjon Ergashev, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining o‘rinbosari Alisher Karimov, GIZning O‘zbekistondagi direktori Yoaxim Frits, IHTTning davlat boshqaruvi bo‘yicha direktorati siyosiy tahlilchisi Saymon Kallevaert va boshqar mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.
Tadbir IHTT tomonidan amalga oshiriladigan “Davlat boshqaruvi sharhi” loyihasining ikkinchi bosqichini boshlab berdi. Ushbu bosqich O‘zbekiston hukumati tomonidan ilgari tasdiqlangan davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalarni amaliyotga tatbiq etishga qaratilgan. Tadbir davomida asosiy e’tibor vazirlik va idoralarning milliy ustuvorliklarni samarali rejalashtirish, muvofiqlashtirish va amalga oshirish salohiyatini rivojlantirishga qaratildi.

Seminar dasturi doirasida ishtirokchilar Strategik islohotlar agentligi hamda Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti tashabbusi bilan ishlab chiqilgan strategik rejalashtirishning yangi yondashuvlarini ko‘rib chiqib, idoralararo muvofiqlashtirish mexanizmlari va ilg‘or xalqaro tajribani milliy amaliyotga joriy etish masalalarini muhokama qildilar. Xususan, strategik rejalashtirish tizimini joriy etishga doir Prezident farmoni loyihasi va uning davlat strategiyalarini tizimlashtirishdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, tadbirda vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ekspertlari ishtirok etib, jumladan Portugaliya va Chexiyalik xalqaro ekspertlar samarali strategik rejalashtirish tizimlarini yaratish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajribalar bilan o‘rtoqlashdilar.
Seminar davomida institutsional muvofiqlashtirishni mustahkamlash, tahliliy vositalarni rivojlantirish va strategik rejalashtirish tizimini shakllantirish bo‘yicha aniq yo‘nalishlar belgilandi.
Tadbir yakunlari O‘zbekistonda davlat boshqaruvi jarayonlarini yanada takomillashtirishga qaratilgan strategik rejalashtirish tizimini joriy etish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu jarayonda Strategik islohotlar agentligi va boshqa ishtirokchilarning roli batafsil belgilanadi.
Izoh (0)