Vengriya parlamenti 14-aprel kuni mamlakat konstitutsiyasiga “inson yo erkak, yo ayol” degan o‘zgartirish kiritishni yoqlab ovoz berdi. Bu haqda Deutsche Welle xabar berdi.

Deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan qonunchilikdagi yana bir o‘zgarish mamlakatda LGBT tadbirlarini, shu jumladan, Budapest Pride paradini o‘tkazishni taqiqlashdir.
Vengriya nikoh institutini erkak va ayol o‘rtasidagi ixtiyoriy ittifoq sifatida, shuningdek, oilani millat mavjudligining asosi sifatida himoya qiladi. Oila nikohga, ota-onalar va bolalar o‘rtasidagi munosabatlarga asoslanadi. “Inson yo erkak, yo ayol. Ota — erkak, ona — ayol”, deya Vengriya konstitutsiyasiga tuzatishlar kiritildi.
Ta’kidlanishicha, tegishli tuzatishlarni 140 nafar parlamentariy qo‘llab-quvvatlagan, 21 nafar deputat esa ularga qarshi fikr bildirgan. Bundan tashqari, tegishli o‘zgarishlarni Vengriya bosh vaziri Viktor Orban va uning FIDES partiyasi qo‘llab-quvvatlagan. Vengriya parlamenti binosi oldida tuzatishlar bo‘yicha ovoz berish chog‘ida muxolifatning ko‘plab tarafdorlari norozilik bildirgan.
Vengriyada LGBT paradlarini o‘tkazishni taqiqlash
18-mart kuni Vengriya parlamenti mamlakatda har yili tashkillashtiriladigan LGBT namoyishlarini o‘tkazishni taqiqladi. Hukumat bu chorani, birinchi navbatda, bolalarni gomoseksuallik mavzusi bilan aloqa qilishdan himoyalash istagi bilan asosladi.
14-aprelda qabul qilingan Vengriya konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishlardan birida bolalarning “ruhiy va axloqiy rivojlanishini” himoya qilishni asosiy huquq sifatida belgilashni nazarda tutadi, bu barcha boshqa asosiy huquqlardan, hayotga huquqdan tashqari, ustun bo‘ladi.
Tanqidchilar bu, asosan, yig‘ilish erkinligi huquqining ahamiyatini yo‘qotishini anglatishini ta’kidlamoqda.
Izoh (0)