Amerikalik xonanda Beyonsening 29-mart kuni taqdim etgan Cowboy carter nomli albomi Spotify qo‘shiqlar platformasida eng ko‘p eshitilgan albomga aylandi. Bu haqda Europaplus nashri xabar berdi.
Albom efirga uzatilgandan so‘ng bir kun ichida 76 million marta tinglangan. Striming tizimi yozishicha, mazkur kantri uslubidagi qo‘shiqlar to‘plami qisqa fursatda katta muvaffaqiyatga erishgan ilk albom hisoblanadi.
Darhaqiqat, Beyonsening hayotida kantri musiqa janri muhim ahamiyatga ega, chunki xonanda Texasda tug‘ilib o‘sgan. Biroq u qadimgi amerika musiqa janriga kamdan kam murojaat qilgani tufayli yangi albomi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Cowboy carter’ni yaratishda Beyonse uzoq yillar davomida mehnat qildi:
“Ushbu albom ustida besh yildan ortiq vaqt davomida ishlab keldik. Bunday tajriba menga boy tarixga ega kantri musiqasini chuqurroq o‘rganish imkoniyatini berdi. Kantri uslubidagi qo‘shiqlar butun dunyo bo‘ylab millionlab odamlarni birlashtira olishi va men bunga o‘z hissamni qo‘shishim meni baxtli qiladi”.
Cowboy carter 27 ta qo‘shiqni o‘z ichiga olgan. Undan mashhur xonandalar — Mayli Sayrus, repper Farrel Uilyams bilan birga kuylangan duetlar hamda mashhur qo‘shiqlarga kaverlar o‘rin olgan.